Vaqtincha ishsiz bo`lgan 41 yoshli surxondaryolik sudlanuvchi ter to`kmay osongina mo`may daromadga ega bo`lish istagida reja tuzadi. Bir nechta fuqarolarga Mehnat va tashqi migrasiya masalalari agentligi orqali Polshaga ishga yuborishni va`da qilib, ulardan turli miqdordagi pullarni oladi. Hatto, ishonchiga kirgan ba`zi fuqarolarga er uchastkasi va uy olib berishni ham va`da qiladi. Biroq, “buzoqning yugurgani somonxonagacha”, deb bejiz aytishmagan...
2017 yil dekabrda birinchi “o`ljasini” va uning akasini ishonchiga kirib, jami 4.000 dollar evaziga Mehnat va tashqi migrasiya masalalari agentligi orqali Polshaga ishga yuborishni va`da qiladi. Fuqarodan kelishilgan pullarni Termez-Toshkent yo`nalishi bo`yicha qatnovchi haydovchi orqali pochta sifatida olib, bergan va`dasini bajarmaydi.
Markaziy bankning ma`lumotiga ko`ra, 2017 yil 20 dekabr holatiga 1 AQSh dollarining milliy valyuta so`mga nisbatan bo`lgan qiymati 8.101,62 so`mni, 4.000 AQSh dollari 32.406.480 so`mni tashkil qilgan.
Bundan tashqari, sudlanuvchi “faoliyati”ni davom ettirib, 2018 yil taxminan fevralda galdagi “o`ljasi”ning ishonchiga kirishga erishadi. Uning o`g`lini 2.500 dollar evaziga Mehnat va tashqi migrasiya masalalari agentligi orqali Polshaga ishga yuborishni va`da qiladi. Undan jami 2.500 dollarni Termez-Toshkent yo`nalishi bo`yicha qatnovchi haydovchi orqali pochta sifatida oladi.
Markaziy bankining ma`lumotiga ko`ra, 2018 yil 10 fevral holatiga 1 AQSh dollarining milliy valyuta so`mga nisbatan bo`lgan qiymati 8.188,33 so`mni 2.500 AQSh dollari 20.470.825 so`mni tashkil etgan.
Shu tariqa 2018 yil taxminan fevral oyi o`rtalarida yana bir fuqaroning ishonchiga kirib, uning o`g`lini 2.400 dollar evaziga Polshaga ishga yuborishni va`da qiladi. Undan jami 2.400 dollarni oladi.
Markaziy bankining ma`lumotiga ko`ra, 2018 yil 20 fevral holatiga 1 AQSh dollarining milliy valyutasi so`mga nisbatan qiymati 8182,73 so`mni, 2.400 AQSh dollari 19.638.552 so`mni tashkil qilgan.
Fevral oyi o`rtalarida yana bir fuqaroning ishonchiga kirib, 2.000 dollarni qo`lga kiritadi. Markaziy bankining ma`lumotiga ko`ra, 2018 yil 20 fevral kuniga 1 AQSh dollari pul mablag`ining milliy valyutasi so`mga nisbatan bo`lgan qiymati 8182 so`m 73 tiyinni tashkil etib, jami 2.000 AQSh dollari 16.365.460 so`mni tashkil etgan.
Fevral oyi oxirlarida esa galdagi “mijoz”ning ishonchi sabab, yana 2.000 dollarli bo`ladi. Markaziy bankining ma`lumotiga ko`ra, 2018 yil 27 fevral kuniga 1 AQSh dollari pul mablag`ining milliy valyutasi so`mga nisbatan bo`lgan qiymati 8171 so`m 64 tiyinni tashkil etib, jami 2.000 AQSh dollari 16.343.280 so`mni tashkil etgan.
Mart oyi boshlarida esa Chilonzor tumanida joylashgan buyum bozori oldida navbatdagi fuqaroning ishonchiga kiradi. Uni va qarindoshini 2000 dollar evaziga Polshaga ishga yuborishni va`da qiladi. Ulardan jami 4.000 dollarni oladi.
Markaziy bankining ma`lumotiga ko`ra, 2018 yil 06 mart kuniga 1 AQSh dollari pul mablag`ining milliy valyutasi so`mga nisbatan bo`lgan qiymati 8163 so`m 46 tiyinni tashkil etib, jami 4.000 AQSh dollari 32.653.840 so`mni tashkil etgan.
Shu vaqtgacha barcha “o`ljalari”ga Polshaga ishga yuborishni va`da qilib kelgan bo`lsa, iyul oyi o`rtalariga kelib esa “ssenariy”ni biroz o`zgartiradi. Aniqrog`i, bir fuqaroga Qibray tumanida er uchastkasini olib berishni va`da qiladi. Undan jami 1.000 dollar va 16.000.000 so`mni oladi.
Markaziy bankining ma`lumotiga ko`ra, 2018 yil 13 iyul kuniga 1 AQSh dollari pul mablag`ining milliy valyutasi so`mga nisbatan bo`lgan qiymati 7813 so`m 42 tiyinni tashkil etib, jami 1.000 AQSh dollari 7.813.420 so`mni tashkil etgan.
Noyabr oyida esa bir ayolga uy olib berishga yordam berishini va`da qiladi. Ayoldan jami 13.000.000 so`m pullarni olib, bergan va`dasini bajarmaydi.
“HOZIRDA ETKAZILGAN ZARARLARNI QOPLASh IMKONIYaTIGA EGA EMASMAN”
Sudlanuvchi sudda aybiga to`liq iqror bo`ldi...
- 2017 yil dekabr oyi oxirlarida pul topish uchun tanishlarimdan aldov yo`li bilan pulini olishni rejalashtirdim. Kursdoshimga qo`ng`iroq qilib, unga Polshaga Tashqi Migrasiya orqali ishlash uchun ketish imkoniyat borligini aytdim. Bu uchun 2.000 dollardan to`lash kerakligi va tegishli hujjatlarini yuborishi kerakligini bildirdim. U menga o`zi va akasi uchun 4.000 dollarni Termez-Toshkent qatnovchi taksi orqali yubordi. So`ng oradan ozgina vaqt o`tib, kursdoshim qo`ng`iroq qildi.
- Qishloqdoshlarim ham Polshaga bormoqchi bo`lib oldimga kelishdi. Ularga ham yordam ber, - dedi.
Qishloqdoshlariga gruppa yig`ilishini aytib ishontirdim. Pullarini Termez-Toshkent yo`nalishida qatnovchi taksi orqali jami 20.000 dollarga teng pullarni oldim. Ularni shaxsiy ehtiyojlarimga ishlatdim. Ularga turli xil bahonalar qilib yuraverdim.
Kursdoshimning qishloqdoshlaridan biri men yashayotgan Mirzo Ulug`bek tumanidagi uyimga keldi. Menga 2.000 dollar bilan hujjatlarini nusxalarini berib ketdi. Ularni ham aldab ketkazib yubordim.
2018 yilning fevral oyi oxirlarida kursdoshim bilan telefon orqali gaplashib, unga ham Polshaga ishga yuborishni va`da qildim. Jami 4.000 dollarini Chilonzor tumanidagi savdo majmuasi oldida oldim. So`ng uning pullarini qisman qisman qilib jami 315 dollar va 12.000.000 so`m pullarni qaytarib berdim.
Bundan tashqari, bir fuqaro bilan tanishib, undan jami 1.000 dollar va 16.000.000 so`m pullarni qarzga oldim.
2018 yil noyabrda Mirzo Ulug`bek tumanidagi yashab yurgan vaqtim qo`shnim bilan gaplashib, undan 13.000.000 so`m pullarni qarzga oldim. Lekin ularga uy sotib olib berishni va`da qilmaganman.
Hozirda etkazilgan zararlarni qoplash imkoniyatiga ega emasman. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman.
"5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi"
Farrux TURAXODJAEV, jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi:
- Sudlanuvchi JK 168-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi va unga ushbu moddaga asosan JK 57-moddasini qo`llagan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Hukm qonuniy kuchga kirgandan so`ng sudlanuvchidan jabrlanuvchilarga moddiy zarar summalari undirilishi belgilandi.
Jabrlanuvchilar foydasiga dollarda undirilishi belgilangan moddiy zarar summasi moddiy zarar undirilgan kundagi 1 AQSh dollarining O`zbekiston Respublikasi milliy valyutasi — so`mga nisbatan qiymatida undirilishi belgilandi.
Hukmdan norozi taraflar hukm e`lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar hukm nusxasini olgan kundan boshlab, o`n sutka ichida jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining apellyasiya instansiyasiga, hukm qonuniy kuchga kirgandan so`ng esa jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi kassasiya instansiyasi sudlov hay`atiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkin.
Sadoqat Allaberganova, jurnalist