Biroz avval “Oliy ta`lim muassasalarining bosqichma-bosqich o`zini o`zi moliyalashtirishga o`tish istiqbollari” mavzusida soha mutasaddilari va OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tganligi haqida xabar bergan edik.
DAVLAT GRANTI ASOSIDA TALABALAR QABULI BEKOR QILINADIMI?
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi Axborot xizmati ma`lumot berishicha, mustaqil moliyalashtirish tizimiga o`tadigan oliy ta`lim muassasalarida davlat granti va tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash o`zgarishlarsiz davom etadi. Bu esa qabul kvotalarini nafaqat saqlab qolishi, balki ularni oshirish imkonini beradi. Misol uchun, 2020 yildan o`zini o`zi moliyalashtirishga o`tadigan OTMlar qariyb 17 ming nafar talabani o`qishga qabul qilishi kutilmoqda, bu esa 2019 yildagi ko`rsatkichdan 20 foizga ko`p degani. O`zini o`zi moliyalashtirish tizimining joriy etilishi oliy ta`lim sohasining davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanishi va byudjet mablag`larining ajratilishini kamaytirmaydi, aksincha, Hukumat iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur bo`lgan malakali mutaxassislarni tayyorlashda investor bo`lib qoladi. Tahlillarga ko`ra, 2020 yilda republikadagi OTMlarini moliyalashtirishga 7 trln. so`mdan ortiq (2019 yilga nisbatan 50,5 foizga ko`p) mablag` ajratilishi prognoz qilindi.
KONTRAKT MIQDORLARI OShAR EKANDA?
G`anisher RAHIMOV, O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori:
– Bunday xulosaga kelish unchalik to`g`ri emas. Sababi jahon tajribasidan oladigan bo`lsak, huddi shunday tizimda faoliyat olib boruvchi xorijiy OTMlarda to`lov-kontrakt orqali tahsil oluvchi talabalar 40 foiznigina tashkil qiladi. Qolgan daromadlarni esa OTMlar innovasiya, ishlab chiqarish va boshqa sohalardan oladi. Demak, mazkur tizim orqali OTMlar bilim salohiyati kuchli talabalarni qamrab olishdan manfaatdor bo`ladi va iqtidorli talabalarga ma`lum miqdorda ijtimoiy ko`mak ko`rsatishi, hattoki bepul o`qitishi ham mumkin bo`ladi. Chunki bu kabi talabalar kelajakda ilmiy ishlar qilib, universitetga mablag` olib keladigan mutaxassisga aylanadi. Kontrakt to`lovlarini oshirishdan bizga manfaat yo`q, bu echim bo`lolmaydi. Erkinlik berildi degani – kontlraktni mustaqil belgilaydi degani emas. Bu tegishli vazirliklar tomonidan nazorat qilib boriladi. Asosiy maqsad iqtidorlarni yoshlarni tanlab olib, ular bilan hamkorlikda ishlab, mana shu yo`l bilan moliyalashtirishni amalga oshirish mumkin bo`ladi.
Yana qo`shimcha ma`lumotlar uchun saytimizni kuzating.






