AsosiyJamiyat

Andijonda o`zini yoqib yuborgan fuqaro voqeasi yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi — Bosh prokuratura

'Andijonda o`zini yoqib yuborgan fuqaro voqeasi yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi — Bosh prokuratura'ning rasmi

Xabaringiz bor, Andijon tumani, Beshbo`ynoq MFY, Bodomzor ko`chasi 140-A uyda yashovchi Xushnud G`oyibnazarov yashayotgan uyi bilan kelib chiqqan muammolar tufayli MIB xodimlari guvohligida ustidan benzin sepib o`t qo`yib yuborgan edi. Shundan so`ng, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati boshlig`i Farrux Toshpo`latov Andijondagi mazkur voqea yuzasidan “darakchi.uz” ma`lumotlar taqdim etdi. Shuningdek, MIB Andijon viloyati bo`limi ham holat yuzasidan rasmiy izoh berib, MIB xodimlari o`zini yoqib yuborgan fuqaroga birinchi yordamni ko`rsatishganini ma`lum qilgandi. Kuni kecha olingan ma`lumotlarga ko`ra, esa o`zini yoqib yuborgan fuqaro kasalxonada vafot etdi

Ayni paytda holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi. 

Keltirilishicha, Majburiy ijro byurosi Andijon tumani bo`limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo`yicha Andijon tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan Andijon tumani, Beshbo`ynoq MFY, Bodomzor ko`chasi, 140-uyda yashovchi javobgarlar X.Gayibnazarov va uning oila a`zolarini uydan ko`chirish hamda undiruvchi M.Bayxanovani ushbu uyga kiritish to`g`risida ijro ishi qo`zg`atilgan.

Ijro ishini amalga oshirish maqsadida 2020 yil 21 yanvar kuni ijro hujjatida ko`rsatilgan manzilga kech soat 18:00 larda borilgan, undiruvchi va qarzdor o`zaro kelishtirilib, qarzdorlarga 2020 yil 24 yanvarga qadar ko`chib ketishlari uchun muddat berilgan.

Undiruvchi M.Bayxanova ketganidan so`ng qarzdor MIB xodimlarini chaqirib, 2020 yil 24 yanvarga qadar ko`chirish ishlarini to`xtatib turishni so`ragan vaqtida qarzdor X.Gayibnazarov ko`chada taxminan 8-10 metr uzoqliqda jahl ustida bir qo`lidagi elim idishdagi suyuqlikni ustidan sepib, o`ziga o`t qo`yib yuborgan.

MIB xodimlari o`zini yoqqan X.Gayibnazarovdagi yong`inni o`chirishga ko`maklashib, X.Gayibnazarov “Labo” rusumli avtomashinada, uning oila a`zolari esa davlat ijrochisi I.M.ning avtomashinasida Andijon tumani tez tibbiy yordam ko`rsatish bo`limiga olib borilgan.

Fuqaro M.Bayxanova tomonidan yuqorida qayd etilgan xonadon Andijon tuman 1-son davlat notarial idorasida 2016 yil 4 aprel kuni qayd etilgan oldi-sotdi shartnomasiga asosan sotib olganligi sababli uy-joydan ko`chirish haqida sudga da`vo arizasi kiritganligi, sudning qaroriga asosan qarzdor X.Gayibnazarovlarni uydan ko`chirish belgilanganligi sababli undiruvchi M.Bayxanovaning arizasiga ko`ra,  ushbu ijro harakatlari olib borilgan bo`lib, ijro harakatlari uyni davlat foydasiga olish maqsadida amalga oshirilmagan.

Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 25 yanvar kuni Andijon tuman prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar