AsosiyShou-biznes

Avaz OXUNOV: “E`TIROZ BILDIRIShGA HALI YoShLIK QILAMAN”

Sahifamizning navbatdagi mehmoni 30-noyabr - 1-dekabr kunlari Turkiston san`at saroyida o`zining ilk dasturini taqdim etgan so`z ustasi Avaz Oxunov. Ko`raylik-chi, qiziqchi unga atab qo`ygan “10 qaltis savol”imizga qanday javob berar ekan?..

 — Sizni muxlislar “Mirzo” teatridagi faoliyatingizdan so`ng taniy boshlashgan. Ammo konsertingizda o`zingizni Hojiboy Tojiboevning shogirdiman, deb e`lon qildingiz. Bu uning nomidan foydalanish bo`lib qolmaydimi?

— Yoshligimdan Hojiboy Tojiboevga muxlis bo`lganman. 2012, 2013, 2014 yillarda esa “Mirzo” teatrida ustozimiz Mirzabek Xolmedov bilan ijod qilganmiz. Bu Hojiboy Tojiboevning nomidan foydalanish emas, aksincha u kishining ijod yo`lini davom ettirish. “Mirzo” teatrida faoliyat yuritganim ham menga ancha yordam berdi. Chunki ijodkor serqirra bo`lmog`i lozim, har tomonlama o`zini sinab ko`rishi kerak.

— Unda nega ustozim Hojiboy Tojiboev, deb e`lon qildingiz?

— Hojiboy Tojiboev mening g`oyibona ustozim. Menga yonlarida yurib shogird bo`lish baxti nasib qilmagan, faqat konsertlarini ko`rib havas qilganman. Nazariyani ustozim Ma`murjon Umarovdan o`rganganman. Mirzabek Xolmedovdan esa nafaqat qiziqchilik sirlarini, balki inson sifatida ham juda ko`p narsa o`rganganman.

— Mirzabek Xolmedovga shogird bo`lib yurib, boshqa bir so`z ustasini ustoz, deb e`lon qilganingiz e`tirozga sabab bo`lmadimi?

— 2014 yil “Mirzo” teatrining konsertida aktyorlar Soyib Xo`jaev, Charli Chaplin, Adriano Chelentano, Jim Kerri, Aldarko`sa obrazlarida chiqishgan. O`shanda ham Mirzabek Xolmedov menga “sen Hojiboy Tojiboev obrazida chiqasan” degandilar. Ustozimiz Mirzabek Xolmedov ham, Valijon Shamsiev ham meni kimgadir tanishtirmoqchi bo`lishsa, ukamiz Hojiboy Tojiboev yo`nalishida ijod qiladi, deb tanishtirishadi. Keyin qiziqchilar dunyodagi eng samimiy insonlar bo`ladi, ular siz aytgandek gina-kuduratga borib yuradigan odamlar emas.

— Konsertingizda Hosila Rahimova, Anvar Sobirov, Munisa Rizaeva kabi san`atkorlarga hazillar qilgansiz, bu hazillar ularning o`zi qanday qabul qildi?

— Ular maza qilib kulishdi. Chunki men ularning ijodiga hazil qilganman. Qolaversa, hazilning me`yorini bilish lozim, agar kimningdir juz`iy kamchiliklari, nuqsonlari ustidan kulib shaxsiyatiga tegadigan hazil bo`lsa, albatta uning tagi zil bo`ladi. Menimcha, ular xafa bo`lishmadi, agar xafa bo`lishganida shu vaqtgacha eshitgan bo`lardim. Hazilni to`g`ri qabul qilish donolikning birinchi belgisidir, demak o`sha insonlar aqlli, dono insonlar ekan, hazilimizni to`g`ri tushunishdi.

— “Handalak”, “Qah-qaha”, “Sho`rdanak”, “Dizayn”, “Million” kabi qiziqchilar jamoalarining tanlagan yo`llari haqida nima deya olasiz? Qaysi jamoaning yo`li sizga manzur, qaysi biri g`ashingizni keltiradi?

— Bu jamoalarning barchasi o`z yo`li, uslubi va muxlislariga ega. Men e`tiroz bildirishga hali yoshlik qilaman. E`tiroz bildirish uchun Hojiboy Tojiboev, Mirzabek Xolmedov singari ustozlar yo`lini bosib o`tishimiz kerak. Ularga do`stona maslahat sifatida shuni aytishim mumkinki, qilayotgan hazil-mutoyibalarida ozgina milliyligimizni unutishmasa bo`ldi. Bu tanqid emas, do`stona maslahat.

—Hazillaringiz hammasi realmi yoki fantaziyaning mahsuli?

— Men hazillarni hayotdan olaman, shunda odamlarning hazm qilishi ham oson bo`ladi. Ijodkor osmondan olishi kerak emas, bor gapni gapirishi lozim. Badiiylik qo`shib gapirilsa, yanada yaxshi bo`ladi.

— Konsertingizda Hojiboy Tojiboevning hazillaridan ham foydalangansiz, bu qachongacha davom etadi? O`z yo`lingizni topib olishingizga ishonasizmi?

— Ijodkor ijodkordan ilhomlanadi. Hazillarni o`z holicha aytsangizgina, u foydalanish bo`ladi. Men mavzuni o`g`irlamaganman, ilhomlanganman. Bu avvalo ustozga hurmatimdan. Shuningdek, Hojiboy Tojiboevning ijodini xalqqa kimdir eslatib turishi kerak-ku, axir.

— Shu konsertdan keyin yana ijodingiz kuchayib ketishiga ko`zingiz etadimi yoki shu bilan cheklanib qolasizmi?

— Doimiy izlanishdaman, shu sababdan qo`rqmasdan ayta olamanki, hali bu boshlanishi. Konsertimizning birinchisi “Turkiston” san`at saroyida o`tgan bo`lsa, shu yilning oxirlariga qadar  “Istiqlol” san`at saroyida konsert berish niyatimiz bor.

— Konsert dasturingizda onangiz kelmaganlar, buning sababi nima?

— O`shanda onam endigina shifoxonadan chiqqan edilar. Ularni urintirib qo`ymaslik maqsadida o`zim konsertga kelishlariga qarshilik qildim.

QISQAChA MA`LUMOT

  • 1983 yil 27 aprelda Andijon viloyati Asaka tumanida tug`ilgan.
  • Oilada to`rt farzandning to`ng`ichi.
  • O`zbekiston davlat San`at va madaniyat instituti rejissyorlik yo`nalishini tugatgan.
  • Uylangan, bitta qizi bor.

Feruz MAMATOV suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar