Avval xabar berganimizdek, bugun Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A.Aripov boshchiligida O`zbekistonda koronavirusga qarshi qanday choralar ko`rilayotgani haqida komissiya yig`ilishi va OAV uchun press-konferensiya bo`lib o`tdi. Unda koronavirusning keng tarqalishi oldini olish borasida belgilangan chora-tadbirlar ma`lum qilindi.
Brifingda jurnalist va blogerlarga etarlicha axborot berildi, savollariga batafsil javob keltirildi.
Shu asnoda, barcha OAV va blogerlarni axborot sohasida qonunchilikka jiddiy va to`liq amal qilishlarini suraymiz, ya`ni haqiqatga to`g`ri kelmaydigan axborot tarqatish "OAV to`g`risida" qonunining 6-moddasi, "Axborotlashtirish to`g`risida" qonunining 12 prim 1 moddasi va Jinoyat Kodeksini buzish hisoblanadi va jinoiy javobgarlikka olib keladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Dilshod Saidjonov o`z telegram kanalida ma`lum qildi.
Masalan, Jinoyat Kodeksi, modda 244-1, 2-kism: "Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan, qirg`in solishga yoki fuqarolarni zo`rlik bilan ko`chirib yuborishga da`vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma`lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to`rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko`rsatilgan harakatlar:
a) oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan;
b) xizmat mavqeidan foydalanib;
v) diniy tashkilotlardan, shuningdek chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib;
g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikasiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog`idan foydalanib sodir etilgan bo`lsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".