AsosiyJamiyat

Nima uchun favqulodda holat kabi cheklovlar o`rnatilgan bo`lsa-da, rasman favqulodda holat e`lon qilinmayapti?

'Nima uchun favqulodda holat kabi cheklovlar o`rnatilgan bo`lsa-da, rasman favqulodda holat e`lon qilinmayapti?'ning rasmi

Mazkur savolga Adli vazirligi tomonidan bataqsil tushuntirishlar orqali javob berildi.

Mamlakatimiz Konstitusiyasining 93-moddasi 19-bandiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti favqulodda vaziyatlar, xususan epidemiya holati yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta`minlashni ko`zlab, O`zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig`iga kiritadi.

Qoida tariqasida, favqulodda holat rejimi joriy etilganda, harakatlanish erkinligiga, transport vositalari harakatiga nisbatan cheklovlar o`rnatiladi, ularni tekshirish kuchaytiriladi, eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini sotish, xarid qilish va taqsimlashning, jamoatchilik tartibini saqlashning alohida tartibi o`rnatiladi va boshqa cheklovlar kuchaytiriladi. 

“Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to`g`risida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq, odamlar qurbon bo`lishiga, ularning sog`lig`i yoki atrof tabiiy muhitga zarar etishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo`lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat favqulodda vaziyat, deb ataladi.

Hukumatning 1998 yil 28 oktyabrdagi 455-son “Texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlarning tasnifi to`g`risida”gi Qarorida epidemiya – alohida xavfli infeksiyalarga tegishli bo`lmagan, yuqish manbai bitta yoki yuqish omili bir xil bo`lgan odamlarning guruh bo`lib yuqumli kasallanishini tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarga taalluqli deb belgilangan. Vazirlar Mahkamasi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda asosiy davlat organi hisoblanadi. 

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to`g`risida”gi Qonunning 3-moddasiga ko`ra, cheklovchi tadbirlar (karantin) – yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo`jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma`muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir. 

✅ Hozirgi kunda O`zbekistonda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o`tkazilmoqda, ular quyidagilarni o`z ichiga oladi:

👉 mamlakatimiz hududini sanitar muhofaza qilish (sanitar-karantin nazoratini o`tkazish va (karantinning) cheklovchi tadbirlarini o`tkazish yo`li bilan ta`minlanmoqda); 

👉 yuqumli va parazitar kasalliklar o`choqlarida amalga oshirilayotgan tadbirlar, dezinfeksiya tadbirlari;

👉 majburiy tibbiy tekshiruv va boshqa tadbirlar. 

Tibbiy-profilaktika muassasalari va sanitar-epidemiologik xizmat muassasalari tomonidan yuqumli va parazitar kasalliklar o`choqlarida o`rnatilgan tartibda infeksion va parazitar kasalliklar bilan kasallanganlikda gumon qilingan shaxslarni aniqlash, izolyasiya qilish va kasalxonaga yotqizish hamda ular aloqa qilgan shaxslarni laborator tekshirish va ularni tibbiy kuzatishga yo`naltirilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yuqumli va parazitar kasalliklarning yuqish yo`llari va omillari hamda ularning insonga zararli ta`sirini bartaraf etishini aniqlash tadbirlari ham amalga oshirilmoqda. Yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo`lishi va tarqalishini oldini olish, ularni ajratib qo`yish va bartaraf etish maqsadida epidemik ko`rsatmalar bo`yicha dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Bundan og`ir choralar ko`rilayotgani yo`q. Ushbu choralar esa aynan “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to`g`risida”gi Qonunda ko`zda tutilgan harakatlarga aynan muvofiqdir. 

Qonunchilikda epidemiya yuz berganda favqulodda holat, favqulodda vaziyat yoki cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy qilish ko`zda tutilgan. O`zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda yuqoridagi tartiblardan nisbatan eng yumshog`i – cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etildi. Cheklovchi tadbirlar (karantin)ning joriy etilishi mamlakatimizning amaldagi qonunchiligiga mos keladi, COVID-19 ga qarshi kurash O`zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to`g`risida”gi Qonuni, davlatimiz Rahbarining Farmonlari va Hukumat qarorlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar