Avvalroq,Bosh prokuratura ma`lumotlariga tayanib, "Andijonda fermerdan 10 000 AQSh dollari undirmoqchi bo`lgan “kadastr” xodimi ushlandi" sarlavhali xabar bergan edik.
Ushbu holatdan so`ng Andijon viloyati Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshlig`i M.Madmusaev raisligida "Ermulkkadastr" davlat korxonasi Xo`jaobod tumani filialida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasida kengaytirilgan yig`ilish o`tkazildi.
Yig`ilishda joriy yilning 11 may kuni bo`lib o`tgan holat tanqidiy muhokama qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha tashkilotda etarlicha nazorat o`rnatilmaganligi hamda sohada olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz deb baholanib, "Ermulkkadastr" davlat korxonasi Xo`jaobod tumani filial rahbari Sh.Abduraxmonov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, viloyat "Ermulkkadastr" davlat korxonasi rahbari v.b. D.Orzievga boshqarma boshlig`ining tegishli buyrug`i bilan "Xayfsan" intizomi jazo chorasi qo`llanildi.
Boshqarma tizmidagi bo`lim va filiallarda ishlovchi xodimlar ishtirokida boshqarma hamda korxona yuristkonsultlari tomonidan yig`ilishlar o`tkazilib, korrupsiyaning salbiy oqibatlari hamda Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan qat`iy jazo choralari muqarrarligi to`g`risida tegishli tushuntirish va ogohlantirish ishlari olib borilmoqda.