Ayni paytda Xalqaro press-klubda onlayn tarzida “Andijondagi jinoyat ishi” yuzasidan brifing bo`lib o`tmoqda. Avval xabar qilinganidek, mazkur fojia ortidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida, uch nafar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e`lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Shuningdek, Andijon shahar IIO FMB 4-son ichki ishlar bo`limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Xusanboev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirovlar ichki ishlar organlaridan o`z lavozimidan bo`shatilgan.
Andijon shahar IIO FMB boshlig`i podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo`limi boshlig`i podpolkovnik P.Mamajonovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, 19 nafar rahbar va xodimlarga turli ko`rinishdagi qat`iy intizomiy jazolar qo`llangan edi.
Ayni paytda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning brifingda ma`lum qilishicha, olib borilayotgan tergov harakatlari davomida 27 iyun kuni ushbu jinoyatga aloqador deb topilgan yana ikki kishi — 4-sonli IIB boshlig`i podpolkovnik P.Mamajonov hamda mazkur bo`lim jinoyat-qidiruv guruhining yana bir tezkor vakili ham qamoqqa olinganini ma`lum qildi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234, 235 hamda 227-moddalari, ya`ni hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast etkazish yoki ularni yashirish bilan ayb e`lon qilingan.