Avval xabar qilganimizdek, kecha, 25 avgust kuni Xalq ta`limi vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi vakillari ishtirokida "Respublika maktablarida 2020/2021 o`quv yilini boshlash va sanitariya qoidalariga rioya etilishi tartibi" mavzuidagi matbuot anjumani o`tkazildi.
Unda Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov bu yilgi o`quv yilida o`quvchilardan maktab formasi qat`iy talab etiladimi, degan savolga javob berdi:
«Ota-onalardan avval ham bir necha marta iltimos qilgan edik, yana bir marta iltimos qilmoqchimiz: O`quv yili boshlanadi, deb hamma ertaga bozorga borishi kerak emas. Karantin cheklovlari yumshatilgani bilan hali virus yo`qolgani yo`q. Odamlar bozorlik qilamiz deb bolalarini bozorga olib borishi, o`ziga, bolasiga yoki boshqalarga virus yuqtirishi kerak emas», – dedi vazir.
Shuningdek, Shermatoning ma`lum qilishicha, joriy yil maktablarda forma qat`iy bir xilda bo`lishi kerak degan talab qo`yilmaydi. Biroq, maktab talablariga to`g`ri kelmaydigan kiyim bilan ichkariga kirib bo`lmaydi. Hozirda viloyat hokimliklariga zaruriy holatlarda oktyabr oyiga qadar maktab yarmarkalari tashkil qilish vazifasi yuklatilgan.
«Hech narsa, hatto davomat ham qat`iy talab qilinayotgani yo`q. Forma ham xuddi shunday. Bunda ma`lum tartiblarga rioya qilinsa, bo`ldi", - qo`shimcha qildi Xalq ta`limi vaziri






