Xabaringiz bor, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to`g`risida”gi qonun talablari buzilishi bo`yicha qo`zg`atilgan ishni 19 avgust kuni ko`rib chiqilgan edi.
Qo`zg`atilgan ishning ko`rib chiqilishida kompaniyadan biror vakil qatnashmagach, ish oxirida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining maxsus komissiyasi “UZAUTOMOTORS” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so`mgacha tushirishi kerakligi to`g`risida qaror qabul qilgandi.
Shundan so`ng "UzAvto Motors” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma`muriy sudiga shikoyat kiritgan edi.
2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining ishiga oid qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni boshlangan .
9 oktyabr kuni bo`lib o`tgan sud ishida "UzAvto Motors” AJ “maxfiy” grifi ostidagi hujjatlarni taqdim etib, sud majlisini mazkur muhokama qismini yopiq tarzda o`tkazish so`ragandi.
Bugun, 16 oktyabr kuni, Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha o`tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi. Bu haqda Oliy sud Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu ma`muriy ish sudya G`. Davlatov raisligida ko`rilmoqda.
Bugun sud o`z ishini ochiq sud majlisida davom ettirib, dastlab arizachi “UzAutoMotors” AJ vakili tomonidan fikr bildirildi, ya`ni jamiyatda o`tkazilgan tekshirishga asos bo`lgan ma`lumotnomani shakllantirishda narxlar noto`g`ri kiritilganligi, ya`ni misol uchun “Ravon” rusumli avtomashinaning boshqa davlatlardagi savdo majmualarida 2015-2016 yillardagi narxlari internet tarmog`idan asos sifatida olinganligini hamda MQKQ huzurida 3 ta Maxsus komissiya faoliyat ko`rsatsada ushbu masala faoliyat doirasiga kirmaydigan Maxsus komissiya tomonidan ko`rib chiqilganligini bildirildi.
Ushbu holatga javoban MQKQ vakillari tomonidan o`z e`tirozlarini bildirib, avtomashinalarning narxi haqiqatdan ham internet tarmoqlari orqali olinganligi, shuningdek, hozirgi kundagi narxlar ham o`rganilganligi, bugungi kunda ham mazkur narxlarni solishtirib ko`rilishi mumkinligi ma`lum qilindi.
MQKQda haqiqatdan ham 3 ta Maxsus komissiya mavjudligi va amaldagi Nizom talabiga binoan o`z faoliyatini boshlagan komissiya boshqa komissiya faoliyatiga bog`liq masala ko`rilganida ham ushbu ishni ko`rishni boshlagan Komissiya tomonidan ko`rib chiqilishi mumkinligi belgilanganligini ma`lum qildi.
Shu bilan birga, taraflar tomonidan ariza yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirganidan so`ng, sud “UzAutoMotors”aksiyadorlik jamiyati tomonidan keltirilgan, ya`ni jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni tan narxi shakllantirilishi metodikasini yopiq sud majlisida o`tkazish to`g`risidagi iltimosnomani muhokamasiga o`tdi.
Mazkur iltimosnoma taraflar o`rtasida muhokama qilinganidan so`ng, sud maslahatxonadan chiqib, sud ajrimini o`qib eshittirdi.
Ushbu ajrimga ko`ra, sud majlisining MQKQ tomonidan o`tkazilgan tekshirishda jamiyatda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni tan narxi yuqori baholanganligi to`g`risida ko`rsatilgan holatlarni muhokamasi yopiq sud majlisida o`tkazish belgilandi.
Yopiq sud majlisida sud muhokamasi o`rnatilgan tartibda davom etdi va taraflarning barcha vajlari tinglandi.
Navbatdagi sud majlisi 2020 yil 23 oktyabr kuni soat 10.00 da o`tkaziladi.






