Bugun, 30 oktyabr kuni, Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishiga oid 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha o`tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi. Bu haqida Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu ma`muriy ish sudya G`. Davlatov raisligida ko`rib chiqilmoqda.
Bugungi jarayon ochiq sud majlisida davom ettirildi va dastlab Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi vakili S. Atamuratov sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, unda ishni ko`rishda jamiyat iste`molchilarini hamda “Azimavtomotive” MChJni mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilishni so`radi.
Mazkur iltimosnoma taraflar o`rtasida muhokama qilingach, sudning ajrimiga asosan jamiyat iste`molchilari soni va shaxsi aniq emasligi hamda shikoyat talabi ularning huquq va manfaatlariga bevosita ta`sir ko`rsatmasligi sababli iltimosnomani qanoatlantirish rad etildi.
Shundan so`ng Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi vakili S. Atamuratov sudga ikkinchi iltimosnoma bilan murojaat qilib, unda “UzAuto Motors” AJ vakili N. Otaxonovaning tuhmat va haqoratdan iborat bo`lgan xatti-harakatlariga qonuniy baho berishni so`radi.
Mazkur iltimosnoma yuzasidan taraflar fikri so`ralgach sudning yakuniy hal qiluv qarori e`lon qilinganda tushuntirish berilishi ma`lum qilindi.
Shundan so`ng taraflarning asosiy shikoyat arizasi yuzasidan fikrlari tinglanib, muzokara so`ziga kirishildi.
Dastlab, muzokara so`zida arizachi “UzAuto Motors” AJ vakillari L. Erdonaev va R. Shaymardanov o`z fikrlarini bildirdi.
Shundan so`ng muzokara so`zida javobgar MQKQ vakillari B. Ummatov, U. Davletov, Sh. Shadmankulov va S. Atamuratovlar o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Ishda ishtirok etuvchi Toshkent shahar prokurori yordamchisi E. Vohidovning ish yuzasidan shikoyat arizasini qanoatlantirish haqidagi muzokara so`zi tinglandi.
Shundan so`ng sud hal qiluv qarori qabul qilish uchun maslahatxonaga kirdi.
Toshkent shahar ma`muriy sudining 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan arizachi “UzAuto Motors” AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasiga nisbatan Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo`yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishi bo`yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarori haqiqiy emas deb topildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasidan arizachi “UzAuto Motors” AJ foydasiga shikoyat keltirishda to`langan davlat boji 2 230 000 so`m va 20 000 so`m pochta xarajatlari undirish belgilandi.
Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan qonun hujjatlari talablari buzilganligi holati yuzasidan xususiy ajrim chiqarish yo`li bilan munosabat bildirildi.
Sudda raislik qiluvchi ushbu hal qiluv qarori e`lon qilinganidan so`ng taraflarga nima sababdan sud ushbu xulosaga kelganligi va sudning hal qiluv qaroriga nisbatan shikoyat keltirish muddati va tartibi to`g`risida tushuntirish berdi.
Xabaringiz bor, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to`g`risida”gi qonun talablari buzilishi bo`yicha qo`zg`atilgan ish 19 avgust kuni ko`rib chiqilgan edi.
Qo`zg`atilgan ishning ko`rib chiqilishida kompaniyadan biror vakil qatnashmagach, ish oxirida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining maxsus komissiyasi “UZAUTOMOTORS” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so`mgacha tushirishi kerakligi to`g`risida qaror qabul qilgandi.
Shundan so`ng "UzAvto Motors” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma`muriy sudiga shikoyat kiritgan edi.
2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining ishiga oid qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni boshlangan edi.