«UzAuto Motors»ning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasi qarorini haqiqiy emas, deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasi bo`yicha shu yilning 30 oktyabr kuni sudning hal qiluv qarori qabul qilingandi.
Shundan so`ng Qo`mita vakillarining yuqori instansiyaga murojaati bilan 2020 yil 11 dekabr kuni Toshkent shahar ma`muriy sudining apellyasiya instansiyasida arizachi - “UzAutoMotors” aksiyadorlik jamiyatining javobgar - O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasiga nisbatan maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo`yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi ma`muriy ish yuzasidan sudning 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga nisbatan javobgar tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyatini mazmunan ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni boshlandi.
Oliy sudning xabar berishicha, 18 dekabr kuni mazkur sud ishi yakun topdi.
Sud majlisida javobgar vakillari tomonidan apellyasiya shikoyatiga qo`shimcha taqdim etilib, taraflar o`rtasida muhokama qilinib ish yurituviga qabul qilindi.
“UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyati vakillarining javobgar tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyati yuzasidan e`tirozlari tinglandi.
Apellyasiya sudlov hay`ati taraflarning tushuntirishlari va prokurorning fikrini eshitib, ishni ko`rish natijasi bo`yicha qaror qabul qildi.
Qarorga ko`ra birinchi instansiya sudining 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qarori va xususiy ajrimi o`zgarishsiz, keltirilgan apellyasiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
Shuningdek, sudlov hay`ati ishni ko`rishda taraf sifatida “Azimavtomotive” MChJ va iste`molchilarni uchinchi shaxs sifatida jalb etish to`g`risidagi iltimosnomani rad etilganligini e`lon qildi.
Sudning qarori e`lon qilinganidan so`ng, taraflarga nima sababdan sudlov hay`ati ushbu xulosaga kelganligi va qarorga nisbatan shikoyat berish muddati va tartibi to`g`risida tushuntirish berildi.
Eslatib o`tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to`g`risida”gi qonun talablari buzilishi bo`yicha qo`zg`atilgan ish joriy yilning 19 avgust kuni ko`rib chiqilgan edi.
Qo`zg`atilgan ishning ko`rib chiqilishida kompaniyadan biror vakil qatnashmagach, ish oxirida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining maxsus komissiyasi “UZAUTOMOTORS” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so`mgacha tushirishi kerakligi to`g`risida qaror qabul qilgandi.
Shundan so`ng "UzAvto Motors” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma`muriy sudiga shikoyat kiritgan edi.
2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining ishiga oid qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha boshlangan sud jarayoni Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining mag`lubiyati bilan yakun topgan edi.






