Avval xabar bergnimizdek, kecha, 18 dekabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi va “UzAuto Motors” o`rtasidagi sudda monopol kompaniya yana yutib chiqdi.
Ayni paytga qadar “UzAuto Motors” faoliyatini keskin tanqid qilib kelayotgan deputat Rasul Kusherbaev so`nggi sud ishiga ham o`z munosabatini bildirdi.
"Yallo qilib yashamoqchi bo`lgan barcha monopolistlarga doim qarshimiz.
Antimonopoliya va "O`zavtomotors" sudi bugun tugadi menimcha. Muammo esa qoldi.
Biroq bu muammoning tugashimi yo boshlanishi bu yog`ini vaqt ko`rsatadi.
Endi ochiq aytaman: nima bo`lgandayam men bu ishlardan rozi emasman va buni hech qachon unutmayman!
Kimsan o`zing, deguvchilarga esa aytmoqchi bo`lganim: biz hech bo`lmasa o`rmonga o`t ketganda uni o`chirmoqchi bo`lib, bir tomchi suv olib ketayotgan va shu harakati bilan o`zining qaysi tomonda ekanligini ko`rsatmoqchi bo`lgan kamida bir chumolimiz.
Biz xalq ko`zini shamg`alat qilib, yashirin imtiyoz va yolg`onlar bilan yallo qilib yashamoqchi bo`lgan barcha monopolistlarga doim qarshimiz. Va biz monopoliyachilik, yolg`onchilik ishlarida vatanparvarlikni, g`ururni ko`rmaymiz.
Vatanparvarlik avvalo mardlik va rostlikdir.
Rostakam vatanparvarlik va g`urur o`lmasin ishqilib", deb fikrini yakunlagan deputat.
Eslatib o`tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to`g`risida”gi qonun talablari buzilishi bo`yicha qo`zg`atilgan ish joriy yilning 19 avgust kuni ko`rib chiqilgan edi.
Qo`zg`atilgan ishning ko`rib chiqilishida kompaniyadan biror vakil qatnashmagach, ish oxirida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining maxsus komissiyasi “UZAUTOMOTORS” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so`mgacha tushirishi kerakligi to`g`risida qaror qabul qilgandi.
Shundan so`ng "UzAvto Motors” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma`muriy sudiga shikoyat kiritgan edi.
2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining ishiga oid qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha boshlangan sud jarayoni Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining mag`lubiyati bilan yakun topgan edi.






