Bloger Otabek Sattoriyni ishi bo`yicha deyarli hamma narsa oydinlashib qoldi, deb yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev.
"Menimcha, buni ko`rmaslik, tushunmaslik uchun ko`r va kamiga aqli noqis bo`lishi kerak inson.
Aytgancha, unday bo`lmasa adolatni o`ldirib, vijdonni sotvorish yo`liyam bor.
Kecha yalpi majlisda tuman va shaharlardagi sudlarning mahalliy deputatlarga axborot berishini sudning mustaqilligi uchun halaqit berayapti, deb qonunni o`zgartirishni istayotgan Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov boshliq sud hokimiyati uchun bloger bilan bog`liq bu ish haqiqiy sinov bo`ladi menimcha: sud mustaqilmi, yo`qmi?
Darvoqe, sudlarning mahalliy Kengash deputatlari oldida vaqti-vaqti bilan axborot berib borish tashabbusi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan tashabbus qilingan va shu asosda qonunga o`zgartirish kiritilgan edi. O`z vaqtida buni ijobiy qabul qilgan Oliy sud rahbariyati, bugun bu sudning mustaqilligiga halaqit berishini aytmoqda. Savol: o`sha vaqtda nega Oliy sud buni aytmadi?
Men esa sudning mustaqilligiga halaqit berayotgan asosiy omillar bu kabi axborot berishdan ko`ra boshqa kattaroq sabablar bilan bog`liq deb hisoblayman...
Nima bo`lgandayam biz sudning to`la mustaqil bo`lishini qo`llab quvvatlaymiz, agar bu tizim haqiqatda mustaqil bo`lib, adolat yo`lida ishlashni istasa, albatta..." — deya mulohaza qilgan deputat.
Eslatib o`tamiz, curxondaryolik bloger Otabek Sattoriy tovlamachilik qilganlikda ayblanib, jinoyat ishi qo`zg`atilgan va gumon qilinuvchi tariqasida ushlangan edi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti unga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlovga oshirish uchun Surxondaryo viloyat prokuraturasiga yuborilgani haqida ma`lum qilgan edi.
Jinoyat kodeksining 139 (tuhmat), 140 (haqorat qilish) va 165 (tovlamachilik) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishini ko`rib chiqishga doir ochiq sud jarayoni jinoyat ishlari bo`yicha Muzrabot tuman sudida 2021 yil 11 mart kuni boshlangan.
Mavzuga oid:
Tovlamachilikda ayblanayotgan surxondaryolik bloger ishi yuzasidan Oliy sud bayonot berdi
Bosh prokuratura bloger Otabek Sattoriy ishi bo`yicha qonun buzilmaganini ma`lum qildi






