Avvalroq, Toshkentda besoqolbozlarga qarshi miting o`tkazilgani haqida xabar bergan edik. Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, bugun, 28 mart kuni taxminan soat 15.00-15.15 larda Yunusobod tumanidagi Amir Temur xiyoboni oldida 3-4 nafar fuqarolar T.S. ismli yigit va B.R. ismli qizni LGBT faollari deb gumonlab, ularni urishga harakat qilgan. Ushbu fuqarolarga 20-25 nafar boshqa shaxslar qo`shilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, bezorilik harakatlarini sodir etishgan.
Voqea joyida xizmat qilayotgan Toshkent shahar IIBB va Milliy Gvardiya xodimlarining aralashuvi bilan T.S. va B.R. himoya qilinib, ularga tan jarohati etkazilishiga yo`l qo`yilmadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining hamkorlikdagi chora-tadbirlari natijasida nizoning ommalashib ketishining, shuningdek boshqa og`irroq oqibatlarning oldi olingan hamda hech kimga shikast etmagan.
Janjalni boshlagan va faol ishtirokchisi bo`lgan fuqarolarning 12 nafari ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (“Bezorilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Aniqlanishicha, mazkur janjalda diniy mazmundagi nizo bo`lmagan.