Avvalroq, Bola huquqlari bo`yicha vakil (Bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova bolalar juda yomon sharoitda yashayotgani sababli Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyini tugatish kerakligini taklif qilgani va buning ortidan Mehribonlik uyining direktori va ombor mudiri ishdan olingani haqida xabar bergan edik. Keyinroq 5- Mehribonlik uyi mas`ullariga prokratura ish ochgani va bolalar tibbiy ko`rikdan o`tkazilgani haqiida xabar berildi.
Ishchi guruh o`rganishlari natijasida Kitob tumani Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari Qamashi tumanidagi Mehribonlik uyiga o`tkazildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi xabar bermoqda.
Senat Kengashining 2021 yil 15 martdagi “Etim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash masalasini kompleks o`rganishni tashkil etish to`g`risida”gi qarori ijrosini o`rganish bo`yicha Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi Ishchi guruhi 14-15 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatida o`rganish o`tkazgan edi.
O`rganishlar davomida Ishchi guruhi Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyidagi tarbiyalanuvchilarga yaratilgan sharoitlar, ta`lim-tarbiya jarayonlari, tarbiyalanuvchilarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish hamda sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash masalalari bilan tanishdi.
Ishchi guruh xulosasiga ko`ra, Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyi binolari ta`mirtalab holatda ekanligi, tarbiyalanuvchilarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati amaldagi sanitariya qoidalari va me`yorlari talablari asosida emasligi, tarbiyalanuvchilarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish uchun sharoit etarli emasligi sababli, Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 65 nafar tarbiyalanuvchilarni Qamashi tumanidagi 4-sonli Mehribonlik uyiga o`tkazish maqsadga muvofiqligi haqida viloyat hokimligi mutasaddilariga tavsiyalar berilgan edi.
Ishchi guruhi tavsiyasiga asosan, joriy yil 2 may kuni Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyi 65 nafar tarbiyalanuvchilarining
10 nafari yaqin qarindoshlari oilasiga, 55 nafari Qamashi tumanidagi
4-sonli Mehribonlik uyiga ko`chirildi. Tarbiyalanuvchilarni 4-sonli Mehribonlik uyi jamoasi yuqori kayfiyatda kutib oldi, tarbiyalanuvchilar u erda yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanligini bildirishdi.
Etim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash masalasi Senatning Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi tomonidan nazoratga olingan.