Kuni kecha xonanda Jasur Umirovning qamoqdan chiqqani haqida ijtimoiy tarmoqlarda videolar tarqalgani haqida xabar bergan edik.
Shundan so`ng, IIV JIED Axborot xizmati J.Umirovning jazosi engillashtirilgani, ya`ni "ozodlikdan mahrum qilish" jazosi "ozodlikni cheklash" jazosiga o`zgartirilganini ma`lum qildi.
Ayni paytda holat yuzasidan Oliy sud Matbuot xizmati rasmiy bayonot berdi.
Keltirilishicha, Jinoyat ishlari bo`yicha Kattaqo`rg`on shahar sudining 2021 yil 2 fevraldagi hukmiga ko`ra, J. U. Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Samarqand viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2021 yil 12 martdagi ajrimi bilan ushbu hukm o`zgarishsiz qoldirilgan.
2021 yil 8 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining yopiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi bo`yicha jabrlanuvchi va sudlangan J. U. ning advokati tomonidan kassasiya tartibida bergan shikoyatlari asosida ushbu jinoyat ishi ko`rib chiqilib, J. U. ga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo`yicha Kattaqo`rg`on shahar sudining 2021 yil 2 fevraldagi hukmi va Samarqand viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2021 yil 12 martdagi ajrimi o`zgartirilgan.
Rasmiy bayonotga ko`ra, Oliy sud Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining ajrimiga ko`ra, J. U. ga Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (engilroq jazo tayinlash) qo`llanilib, unga 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Jinoyat-prosessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko`rilishi) 1-qismi talablariga muvofiq ushbu jinoyat ishiga oid boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi.
Eslatib o`tamiz, bir muddat avval taniqli estrada xonandasi Samarqanddagi liseyning birinchi kursini endigina tamomlagan, voyaga etmagan qizning nomusiga tekkani haqida xabar qilingan edi. Keyinchalik, ushbu shaxs estrada xonandasi Jasur Umirov degan taxminlar paydo bo`lib, holat yuzasidan qayta tekshiruv tayinlangani va jinoyat ishi ochilgani xabar qilindi. Shundan so`ng, ishda to`plangan dalillar asosida J.U.ga nisbatan 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb e`lon qilinib, sudning 21.12.2020 yildagi ajrimiga asosan xonandaga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan va sud hukmiga asosan, J. U.(Jasur Umirov) Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.






