Kecha, 6 iyul kuni AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Nurmat Otabekov pandemiya sharoitida dolzarb bo`lgan savollarga batafsil javob berdi. Xususan, O`zbekistonda emlash bilan bog`liq jarayonga ham to`xtalib o`tildi. Mutaxassisning fikricha, odamlarni koronavirusga majburiy emlash kerak.
"Hozirda O`zbekistonda koronaviursga qarshi vaksina bilan to`liq emlanib bo`lgan aholi soni 700 ming nafarni, barcha dozalarda ishtirok etganlarning umumiy sonini olib hisoblaganda 4 yarim million kishini tashkil etmoqda. Ammo bu juda kam ko`rsatkich hisoblanadi. Qachonki, biz aholining 60-70 foizini emlash bilan qamrab olishga erishsakkina, jamoaviy immunitetni shakllantirgan hisoblanamiz. Shuning uchun vaksinani majburiy qilish — bu mani nazarimda to`g`ri fikr, negaki, vaksina bilan biz emlanayotgan paytda o`zimizni himoya qilamiz", - deya Nurmat Otabekovning so`zlarini keltirmoqda brifingda ishtirok etgan "Darakchi" muxbiri Mohinur Rustamova.
Eslatib o`tamiz, Tojikistonda 18 yoshdan oshgan aholini koronavirusga qarshi majburiy emlash joriy etildi.






