O`zbek futbolining jonkuyar tarixchisi, mashhur sport jurnalisti Vladimir Ashotovich Safarov bugun, 14 iyul kuni 82 yoshida vafot etdi.
Vladimir Safarov 1939 yilning 17 yanvarida Toshkent shahrida tug`ilgan. Vladimir Ashotovich O`zbekiston futboliga oid ko`plab ilmiy, statistik va tarixiy kitoblar va “Paxtakor. Unutib bo`lmas uchrashuvlar...”, “Paxtakor. 40 yilga cho`zilgan o`yin”, “Aka-uka An futboli”, “Xotira qanotlari. "Paxtakor-79" aviahalokati hujjatli xronikasi”, “O`zbek futboli afsonasi: Birodar Abduraimov”, “Hamid Rahmatullaev – o`zbek Pelesi” kabi mashhur asarlar muallifi hisoblanadi. Dunyoning turli xil nashrlarida chop etilgan 3000 ga yaqin maqola muallifi.
1992 yil mart oyida u Gennadiy Krasniskiy nomidagi hujumchilar klubini tashkil etish tashabbusi hamda respublika matbuoti sahifalarida O`zbek jamoalarining eng yaxshi to`purarlari reytingini tuzish taklifi bilan futbol jamoatchiligiga murojaat qildi.
Shuningdek, o`zining jaz klubi bilan xalqaro festivallarda ishtirok etgan. 2000 yilda O`zbekiston futbol federasiyasi tomonidan yilning eng yaxshi jurnalisti, deb topilgan edi.