Navoiy viloyati Nurota tumani Tibbiyot birlashmasining tug`ruq bo`limida oliy toifali akusher-ginekolog vrach bo`lib ishlovchi fuqaroga sud hukmi o`qildi. Bu haqda Oliy Sud ma`lum qildi.
Xabarga ko`ra, bemor D.X. 2020 yil 1 noyabr kuni tonggi soat ettilarda tuman Tibbiyot birlashmasining tug`ruq bo`limiga olib kelinadi. Shifokor M.D. navbatchi akusher-ginekolog sifatida ayolni ko`rikdan o`tkazib, uning egiz homilasi tirik ekanligini bilgani holda o`z kasbiga nisbatan beparvolik bilan munosabatda bo`lgan. U o`z vaqtida kesarcha-kesish amaliyotini o`tkazishni lozim topmadi. Bemorning kelgusi davolash rejasini va taktik harakatlarni belgilashda “tug`ruqni tabiiy tug`ruq yo`llari orqali tug`dirib olish” taktikasini noto`g`ri qo`llagan.
Soat 08:45da ayolning birinchi qiz jinsli chaqalog`i asossiz ravishda “vakuum-ekstraksiya” amaliyoti qo`llanilgan holda tabiiy yo`l bilan tug`dirildi. Ikkinchi o`g`il jinsli chaqaloqning tug`ilishida esa loqaydlik, vazifaga mas`uliyatsizlik tufayli yanada og`ir ahvolni yuzaga keltirdi. Onaning qornidagi ikkinchi bola qariyb ikki soat davomida o`z vaqtida kesarcha-kesish amaliyotini o`tkazilishi talab etilsa-da, noto`g`ri qo`yilgan tashxis tufayli o`z holiga tashlab qo`yilgan.
D.X.ning sog`ligi yomonlashganidan so`ng, soat 10:20da kesarcha-kesish amaliyoti orqali oy-kuniga etgan, 39 haftalik sog`lom, ichki a`zolarida tug`ma nuqsonlari bo`lmagan o`g`il jinsli chaqaloq dunyoga keldi. Afsuski, bola og`ir darajali asfiksiya holatida tug`dirilgani tufayli 2 noyabr kuni tongda “bosh miya yumshoq pardalari ostiga qon quyilishi, homila ichi asfiksiyasi” natijasida vafot etdi. Bir shifokorning sovuqqonligi, e`tiborsizligi oqibatida bu yorug` dunyoga kelgan go`dak olamdan o`tdi.
Shundan so`ng M.D. sodir qilgan jinoiy qilmishini yashirish maqsadida tug`ruq bo`limida doya sifatida ishlovchi sherigi bilan jinoiy til biriktirib, homilador D.X.ning nomiga ochilgan, rasmiy hujjat hisoblangan 2307-sonli tug`ruq tarixiga kasb yuzasidan o`zi amalga oshirmagan, biroq amalga oshirishi shart bo`lgan tibiiy harakat va muolajalarni “qayd etib qo`ydi”. U “sherigi” yordamida bemor daftariga go`yoki D.X.ning o`g`il jinsli chaqalog`ini o`zi operator sifatida kesarcha-kesish amaliyotini o`tkazganligini, birinchi qiz jinsli chaqaloq garchi soat 08:45ga qadar tug`ilgan bo`lsada, ushbu tug`ruq tarixi, partogramma va chaqaloqning rivojlanish bayonnomasiga qizning tug`ilganlik vaqtini soat 09:45 deb yozdirdi. Shu tariqa qalbaki ma`lumot va yozuvlar kiritib, rasmiy hujjat hisoblangan tug`ruq tarixini soxtalashtirishdi.
Sud majlisida mas`uliyatsiz shifokor “tajribam va malakam etishmaydi” deya vaj ko`rsatib, qonuniy engillik berishni so`rab bot-bot ta`kidlagan. Ayblanuvchiga nisbatan 3 yil 6 oy ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.






