O`zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetga Toshkentda faoliyat yuritayotgan radiokanallar: “O`zbekiston” teleradiokanali, “O`zbekiston 24” radiosi, “Yoshlar” radiosi, “Avtoradio”, “Navro`z FM”, “Oriyat FM”, “Oriyat Dono”, “Poytaxt”, “O`zbegim taronasi” radiolarining direktorlari va bosh muharrirlari taklif etilib, radioning kelajakdagi rejalari, sohaning rivojiga doir masalalar muhokama qilindi. Bu haqda O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi xabar berdi.
Mehmonlar universitet odatiga ko`ra, avvalo, muassasa binolari bilan tanishdilar. “My sweet home”, talabalar press klubi, universitetning 7-qavatidagi ochiq ayvoni, Ozod Sharofiddinov muzeyi, mobil muzeylar, telestudiya va radio studiyalarni tomosha qildilar. Radiostudiyani kuzatish vaqtida mehmonlar radioefirda bevosita ishtirok etib, studiyaning professional holati, texnikalariga mutaxassis sifatida juda yaxshi baho beridilar.
Dumaloq stol atrofida muammolarga bag`ishlangan davra suhbatida esa radio mutaxassislari universitetda tahsil olayotgan talabalarga o`rgatilishi lozim bo`lgan fanlar, kerakli bilimlar nimalardan iborat ekanini alohida ta`kidlab, lozim bo`lsa, o`quv dasturlarini tuzishda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirib o`tdilar.
Tashrif doirasida taklif qilingan radiokanallar mas`ullari bilan universitet o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Jurnalistlar uchrashuv so`ngida universitetning yangi tashkil etilgan “Media qahvaxona” sida mehmon bo`ldilar va har birlari o`z radiokanallariga bir qancha yosh kadrlarni ishga taklif etishga tayyorliklarini bildirishdi.