Rossiyadan O`zbekistonga maxsus poezdlar qatnovi qo`yilmoqda. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ xabar berdi.
Unga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida shu bilan birgapandemiya davrida Rossiya davlatida qolib ketgan O`zbekistonliklarni mamlakatga olib kelish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan "Voljskiy - Toshkent" yo`nalishida 483-sonli yo`lovchi poezdining maxsus reysi yo`lga qo`yiladi. Mazkur poezd 2021 yil 27 avgust kuni soat 20:57 da "Voljskiy - Toshkent" yo`nalishida harakatini amalga oshiradi.
Shuningdek, 30 avgust kuni ham "Tolyatti - Toshkent" yo`nalishida 446-sonli yo`lovchi poezdining maxsus reysi yo`lga qo`yiladi. Bu poezd Tolyatti vokzalidan soat 12:35 da jo`naydi.
"Mazkur poyezdlarga faqat bir tomonga, ya`ni "Voljskiy-Toshkent" hamda "Tolyatti-Toshkent" yo`nalishlariga chiptalar sotiladi. Yo`lovchilarga chipta xarid qilishda qulaylik yaratish maqsadida chiptalarni elektron tarzda sotish yo`lga qo`yilgan. Rossiyadagi fuqarolarimizning yaqinlari O`zbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning e-ticket.railway.uz veb-sayti orqali chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, jo`natishlari ham mumkin" , - deyiladi xabarda.






