Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Maktabgacha ta`lim vazirligi Komplaens nazorat bo`limi boshlig`i Farrux Aminov ma`lum qildi:
" - Maktabgacha ta`lim tizimida ro`y berayotgan korrupsion holatlar hech qanaqasiga oqlab bo`lmaydigan hamda eng og`ir gunohlardan biridir. Chunki tizimdagi korrupsiya bu go`daklar haqiga xiyonatdir, haqqini talab qila olmaydigan yosh bolaning og`zidagi ovqatini olib qo`yishdir", - deydi Vazirlikning Komplaens nazorat bo`limi boshlig`i.
Tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligining yangilangan tuzilmasida (2021 yil 16 fevraldagi 16-sonli buyruqqa asosan) 3 nafar xodimdan iborat Korrupsiyaga qarshi kurashish komplaens nazoratini amalga oshirish bo`limi joriy yilning aprel oyidan ish boshlagan.
Bo`lim xodimlari olib borilgan o`rganishlar natijalariga ko`ra, 6 ta holatda aniqlangan qonunbuzilish va korrupsion holatlar bo`yicha chora ko`rish uchun Bosh prokuraturaga hujjatlar taqdim etilgan.
Maktabgacha ta`lim tizimida faoliyat yuritgan hamda korrupsiyaga moyilligi bo`lgan 8 nafar xodimlar bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan.
Jumladan:
Bo`lim xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Toshkent viloyati Yangiyo`l shahar bo`limi va Yangiyo`l shahar IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tadbir natijasida, fuqaro U.Solievani tarbiyachi yordamchisi lavozimiga ishga qabul qilish uchun fuqaro U.Solievadan 100 AQSh dollarini ta`magirlik yo`li bilan talab qilib, pullarni olayotgan vaqtda Yangiyo`l shahridagi 12-DMTT direktori M.Ochilova daliliy ashyo bilan qo`lga olinib, JKning 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Shuningdek bo`lim xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tadbir natijasida, ta`minotchi “Korobo” MChJ rahbari A.Jo`raevdan 14,8 mln. so`m va 2000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda daliliy ashyo bilan ushlanib, JKning 214-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
" - Maktabgacha ta`lim tizimi tarbiyalanuvchilar, hudud va xodimlar jihatidan juda keng va kattaligini inobatga olgan holda faqatgina bir bo`lim harakatlari orqali butun tizimni korrupsiyadan holi tizimga aylantirish juda mushkul. Shu sababli bugungi efirdan foydalangan holda tizimda jamoaviy nazoratni yanada kengaytirishni, tizimda korrupsion holatlarga duch kelinganida @antikorr_mdo telegram kanaliga yoki 71 207-04-08 (830 va 828 ichki) raqamlariga murojaat qilishlarini so`rab qolar edim", - deydi Farrux Aminov.






