“Uzbekistan Airports” ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent aeroportida to`plangan odamlar aks etgan video yuzasidan izoh berdi.
Kompaniya bergan xabarga ko`ra, “Uzbekistan Airways” reysi bilan Toshkent — Istanbul yo`nalishi bo`yicha uchmoqchi bo`lgan 200 ga yaqin kishi aeroportga kelgan, ammo ushbu reys jadvalda bo`lmagan.
Yo`lovchilar chiptalarni “Asia Luxe Travel” sayyohlik kompaniyasi orqali sotib olishganini aytishgan.
“Uzbekistan Airways” vakillari sayyohlik kompaniyasi aviachiptalar savdosini aviakompaniya bilan slotni kelishilmagan holda tashkil qilganini ma`lum qilishgan.
Sayyohlik kompaniyasi yo`lovchilarga suv tarqatgan va ularni mehmonxonaga jo`natish uchun transport tashkil qilgan. Biroq odamlar terminal binosini tark etishmagan.
Ma`lumotga ko`ra, ayni damda O`zbekiston Transport vazirligi tashabbusi bilan zaxira havo kemasi ajratilib, ushbu yo`lovchilarni parvozga ro`yxatga olish boshlangan.






