Navoiy viloyati Karmana tumanida xorijda ishlash istagida bo`lgan fuqarolar uchun Rossiya Federasiyasining “Spesializirovanny zastroyshik Dom-59” kompaniyasi tomonidan qurilish sohasining turli yo`nalishlarida mavjud bo`sh ish o`rinlari uchun tanlov o`tkazildi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar berdi.
Qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O`zbekiston fuqarolarini Rossiya Federasiyasiga jalb qilish bo`yicha pilot loyiha doirasida tashkil etilgan tanlovda nomzodlar kasbiy malaka va til bilish darajasiga ko`ra suhbat asosida ish beruvchi vakillari tomonidan tanlab olindi.
Tanlovdan o`tgan fuqarolarga Rossiya Federasiyasida ishlash huquqini beruvchi patent O`zbekistonda rasmiylashtiriladi hamda tibbiy ko`rikdan o`tkazish, emlash, patent rasmiylashtirish, transport, yashash xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanishi ko`zda tutilgan.
Bugungi tanlovdan o`tgan 98 nafar fuqaro tashkiliy tarzda qurilish ob`ektlariga yuboriladi.






