1

DXX 35 kg.dan ortiq giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo`ydi

Jinoyat 05.11.2021, 14:15
DXX 35 kg.dan ortiq giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo`ydi

Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo`mitasi xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotiklar musodara qilindi.

Xususan, Jizzax viloyatida o`tkazilgan tezkor tadbirda Qozog`iston Respublikasi Turkiston oblastining Maxtaaral rayonida istiqomat qiluvchi, 1976 y.t. qo`shni davlat fuqarosi va Zomin tumanida yashovchi, 1989 y.t. mahalliy fuqaro 3 kg 880 gr. “opiy” moddasini 32 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent viloyatida o`tkazilgan tezkor tadbirlarda esa 1984 yil Qirg`izistonda tug`ilgan, Rossiya Federasiyasi fuqarosi hamda 1963 va 1968 yillarda tug`ilgan ikki nafar Qirg`iziston Respublikasi fuqarosi 9 kg 612 gr. “gashish” moddasi bilan, shuningdek, 1983 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi 1 kg 784 gr. “opiy” va 3 kg 765 gr. “gashish” moddalari bilan ushlandi.

Samarqand viloyatida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa muqaddam giyohvand moddalar bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1984 y.t. mahalliy fuqaro 10 kg 300 gr. “opiy” moddasi bilan qo`lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam giyohvand moddalar bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1992 y.t. fuqaro o`zining “Neksiya-3” rusumli avtomashinasida Qo`qon shahriga ketayotgan vaqtida Ohangaron tumanidagi “Chinor” yo`l patrul xizmati maskanida to`xtatildi.

Lekin, u YPX xodimlari talablariga bo`ysunmasdan qochishga uringanida, sun`iy to`siq yaratilib, qonunbuzar ushlandi.

Avtomashina ko`zdan kechirilganda, uning salon qismida 4 kg 902 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari o`tkazgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahri tomon harakatlangan “Cobalt” rusumli avtomashina yo`l harakati xavfsizligi xodimlarini jalb etgan holda, Bo`ston tumanidagi yo`l patrul xizmati maskanida to`xtatilib, ko`zdan kechirildi.

Tekshiruv davomida mashinada yo`lovchi sifatida ketayotgan Oltinko`l tumanida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam sudlangan shaxsning yonida 961 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Dastlabki surishtiruv jarayonlarida u mazkur narkotikni Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvand moddalar bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1974 y.t. Qirg`iziston Respublikasi fuqarosidan olganligi ma`lum bo`lib, ushbu shaxs ham qo`lga olindi. Shuningdek, uning yashash manzilida 240 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ta`kidlash lozimki, o`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida musodara qilingan jami 17 kg 165 gr. “opiy” va 18 kg 279 gr. “gashish” giyohvand moddalari Tojikiston va Qirg`iziston Respublikalaridan kontrabanda yo`li bilan olib o`tilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo`yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1