AsosiyJamiyat

"Mazkur holat bo`yicha xabar berilmagan". Mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura marhum xodimining farzandlariga nafaqa pullari to`lab berilmayotganiga izoh berdi

'"Mazkur holat bo`yicha xabar berilmagan". Mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura marhum xodimining farzandlariga nafaqa pullari to`lab berilmayotganiga izoh berdi'ning rasmi

Avvalroq, O`zbekiston Bosh prokuraturasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi prokurori lavozimida ishlab kelgan Samir Rahmonov 26 aprel kuni 33 yoshida vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Shundan so`ng, marhum xodimning otasi o`g`li xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda ish joyida vafot etgani, to`rt nafar voyaga etmagan farzandlari boquvchisiz qolsa-da, uning oilasiga qonunga asosan kafolatlangan nafaqa pullari to`lab berilmayotganini bildirdi. 

Ayni paytda holat yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan izoh berildi. 

Ma`lum qilinishicha, Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog`liq ravishda sodir bo`lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog`liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to`g`risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Tashkilot hududida va uning tashqarisida xodimning mehnat vazifalarini bajarayotganda yuz bergan jarohatlanishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi mehnat faoliyati bilan bog`liq ravishda sodir bo`lgan baxtsiz hodisalar hisoblanadi.

Mazkur Nizomning 1-bo`lim, 3-bandiga asosan tabiiy o`lim, o`zini o`zi o`ldirish, jabrlanuvchining o`z salomatligiga qasddan shikast etkazishi, shuningdek, jabrlanuvchining jinoyat sodir qilish chog`ida shikastlanishi holatlari (sud-tibbiy ekspertiza xulosasi yoki tergov organlarining ma`lumotlariga ko`ra) tekshirilmaydi va hisobga olinmaydi.

Nizomning 3-bo`limini 2-bandiga asosan guruhli, oqibati o`rtacha og`ir yoki og`ir va o`lim bilan tugagan baxtsiz hodisa to`g`risida ish beruvchi darhol sxemaga binoan quyidagilarga xabar berishi kerak:

O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga;

baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi hududiy ichki ishlar organiga;

ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish shartnomasi bo`yicha sug`urtalovchiga.

Tibbiy xulosaga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari va vazirligiga, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga mazkur holat bo`yicha xabar berilmagan.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati marhumning otasi sudga murojaat qilganligini ma`lum qilgan. Sudning 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da`vogar A.Raxmanovning da`vosi rad qilingan.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 dekabrdagi 1066-son qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi to`g`risidagi nizomning 23-bandida Sud organlari tomonidan qaror qabul qilingandan keyin Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qo`shimcha xulosalar, tushunchalar Inspeksiya tomonidan berilmasligi belgilangan, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar