AsosiyJinoyat

Andijonda 9 yoshli qizni vahshiylarcha o`ldirganlikda ayblanib, so`ng oqlangan ayol yana aybli deb topildi

'Andijonda 9 yoshli qizni vahshiylarcha o`ldirganlikda ayblanib, so`ng oqlangan ayol yana aybli deb topildi'ning rasmi

Avval xabar qilinganidek, 2020 yil 21 iyun kuni Asaka tumanida 9 yoshli qizning murdasi o`z uyida qotillik alomatlari bilan topilgan.

O`shanda qizaloqning 23 yoshli ayol qo`shnisi qotil deb topigandi. 

Biroq, mazkur ish Andijon viloyat sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atida ko`rib chiqilib, A.Hamdamovaga ilgari surilgan asosiy ayblovlar yuzasidan oqlov hukmi chiqarilgan. Shundan so`ng, ijtmoiy tarmoqlarda tergov ishlari adolatli olib borilmagani bo`yicha turli xabarlar tarqaldi.

Ayni paytda Bosh prokuratura mazkur jinoyat ishi bo`yicha qo`shni ayol aybdor deb topilgani va ish qayta qo`zg`atilgani bo`yicha ma`lumot berdi. 

Ma`lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari Bosh prokuraturaning O`ta og`ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan olib borilgan.

To`plangan dalillarga asosan dastlabki tergovda fuqaro Asroraxon Xamdamova 2020 yil 21 iyun kuni qo`shnisi D.A. istiqomat qiladigan uyga o`g`rilik maqsadida kirgani va u erdan pul olganiga guvoh bo`lgan, yosh bola Q.I.ning tanasiga bir necha marotaba pichoq bilan jarohat etkazib, uni qasddan o`ldirgani aniqlangan.

Shuningdek, A.Xamdamova o`g`irlik hamda firibgarlik jinoyatlarini ham sodir etganligi o`z isbotini topgan.

Ayblanuvchining aybi uning ko`rsatuvi bo`yicha olingan ashyoviy dalil (pichoq), pichoq dastasi ichidan olingan namuna marhuma qizga tegishli ekanligi tasdiqlangan ekspertiza xulosasi, guvohlarning ko`rsatuvlari, xususan to`rt nafar guvoh A.Xamdamova marhuma qizning xonadonidan yugurib chiqqanini ko`rishgani va boshqa dalillar bilan to`liq isbotlangan.

Bundan tashqari, A.Xamdamova o`z aybiga iqrorligini ham bayon qilgan. Jumladan, qo`shnisining uyiga o`g`irlik maqsadida kirgani va shu qo`shnining yosh qizi (marhuma) uni ko`rib qolganidan qo`rqib, norasidani pichoq bilan o`ldirganligini tan olgan.

Eng muhimi, A.Xamdamovaning iqrorlik ko`rsatuvlari real voqelikka asoslangani va ixtiyoriy ravishda berilgani sud-psixologiya ekspertizasi xulosasi bilan tasdiqlangan.

Binobarin, sudlanuvchi tergov jarayonlarida qo`rqitilgani yoki qiynoqqa solingani yoxud boshqacha tarza unga tazyiq o`tkazilgani to`g`risidagi iddaolar bilan ham kelishib bo`lmaydi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda go`yoki “asos” qilib ko`rsatilayotgan “marhuma qizning zo`rlangani” ham sud-komissiyaviy ekspertizada o`z isbotini topmagan...

2020 yil 21 iyun kuni mazkur jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan mazmunan ko`rish uchun Andijon viloyat sudiga yuborilgan.

Biroq, tergov davomida aniqlangan va isbotlangan dalil hamda vajlar sud tomonidan inobatga olinmagan, o`ta og`ir jinoyat harakatlariga etarli baho berilmagan.

Shu tariqa Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining 2021 yil 5 maydagi hukmi bilan A.Xamdamova faqatgina firibgarlikda, ya`ni, marhuma qizning onasiga tegishli bo`lgan tilla zanjirni aldov yo`li bilan qo`lga kiritishda aybdor deb topilib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan. 

O`g`irlik, bosqinchilik va mudhish jinoyat – qotillik yuzasidan esa, u oqlangan.

Shu bois, joriy yil 12 may kuni Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining 2021 yil 5 maydagi hukmiga nisbatan Oliy sudning jinoyat ishlari bo`yicha apellyasiya instansiyasiga apellyasiya tartibida protest keltirildi.

Binobarin, Bosh prokuratura ish bo`yicha manfaatdor taraflar va keng jamoatchilik, xususan ommaviy axborot vositalaridan quyidagi jihatlarga e`tibor qaratishni so`raydi:
 

birinchidan, viloyat sudi tomonidan oqlangan sudlanuvchining “aybsiz” ekanligi haqida sudning yakuniy hukmi qonuniy kuchga kirmasdan turib, xulosa qilishga hali erta.

Zotan, ish bo`yicha sudlov jarayonlari mavjud hujjatlar, dalillar, guvohlarning ko`rsatuvlari, ayblov xulosasiga asos qilib keltirilgan boshqa jihatlarga viloyat sudi tomonidan har tomonlama munosib baho berilmaganini ko`rsatib turibdi;

ikkinchidan, asosan himoya tarafi va sudlanuvchi keng jamoatchilikka taqdim etayotgan “tafsilotlar” asosida ehtirosli xulosalarga kelish noo`rindir.

Zero, gap 9 yoshida vahshiylarcha qotillikning qurboni bo`lgan qizaloqning ayanchli taqdiri uchun aybdorni so`zsiz javobgarlikka tortish, bir norasida farzandi o`ldirilgan oilaning iztiroblari, jazoning muqarrarligi va adolat tantanasiga bo`lgan umidi hamda ishonchi haqida bormoqda;

 

uchinchidan, aynan sudning, aniqrog`i, Oliy sudning yakuniy to`xtamidan keyingina jinoyat ishi bo`yicha qo`shimcha ravishda tegishli munosabat bildiriladi.

    Boshqa yangiliklar