O`zEOAVMAning CNN, Euronews, BBC Uzbek, Rossiya-24, MIR, Rossiya-K kabi bir qator xorij telekanallari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari orqali yirik telekanallar tomoshabinlari Yangi O`zbekiston haqidagi lavhalar, videoroliklar va eksklyuziv videointervyular bilan tanishadilar.
Qayd etilishicha, Euronews saytida allaqachon Yangi O`zbekistonga bag`ishlangan maxsus sahifa ochilgan . Ushbu sahifada, telekanal efirida bo`lgani kabi, global hamkorlik doirasida yangi O`zbekiston haqida hikoya qiluvchi barcha materiallar, reportajlar va maqolalar, shuningdek videolavhalar joylashtirib boriladi. Joriy yilda Euronews telekanali orqali Yangi O`zbekiston haqida 300 dan ziyod videolavhalar, 15 dan ortiq maxsus reportajlar efirga uzatilib, 10 ta maqola chop etilgan. Focus, Agenda, Cult va boshqa dasturlardagi materiallar shu jumlasidandir.
Ma`lumotga ko`ra, O`zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi, energetika tarmog`i, mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash, ekologiya masalalari, sport va yosh avlod, maktabgacha ta`lim, ma`naviyat va madaniyat telekanalning muhim mavzulari qatorida bo`lib turibdi.
Shu jumladan, bugun "Euronews" ning ingliz tilidagi efirida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoevning bergan intervyusi "Kun tartibi» (Agenda) dasturida namoyish qilingan.
"Bu Euronews telekanalida berilgan O`zbekiston haqidagi bunday darajadagi birinchi intervyu. Tanlangan mavzular bugungi kunda Yangi O`zbekistonda kechayotgan jarayonlar, islohotlarga jahon ommaviy axborot vositalarining samimiy qiziqishidan dalolatdir. Biz ushbu loyihalarni amalga oshirishda o`z hissasini qo`shayotgan barcha hamkorlarimizga o`z minnatdorligimizni bildiramiz", – deydi O`zEOAVMA boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.
Ta`kidlanishicha, ushbu dastur maqsadi jahon auditoriyasini O`zbekiston bilan, so`nggi yillarda mamlakatda ro`y berayotgan o`zgarishlar bilan tanishtirishdan iborat.