O`zbekiston Jinoyat kodeksiga hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lganlik uchun jinoiy javobgarlik ko`zda tutilgan o`zgartirishlar 27 noyabrdan kuchga kirdi.
Jinoyat kodeksining 202-1-moddasiga ko`ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lish, ya`ni g`arazli yoki boshqa past niyatlarda ularni qiynoqqa solish yoxud ularga azob berish ularning o`limiga yoki mayib bo`lishiga olib kelgan harakatlar shundan harakatlar uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (6,75 million so`mdan 13,5 million so`mgacha) miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha ozodlikni cheklash yoki 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lish) sanksiyasi ham 27 noyabrdan kuchaytirildi.
Unga ko`ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lish, ya`ni ularni g`arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish, BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga etmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo`lsa yoki hayvonlarning o`limiga yoxud mayib bo`lishiga olib kelsa, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi.