Bugun Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Sog`liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Respublikamizning OITSga qarshi kurash markazlari vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
1 dekabr — Butunjahon OITSga qarshi kurash kuniga bag`ishlangan tadbirda OIV infeksiyasi bilan bog`liq dunyodagi va mamlakatimizdagi vaziyat, epidemiyaga qarshi olib borilayotgan profilaktik tadbirlar to`g`risida batafsil ma`lumot berildi.
Jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i o`rinbosari Botir Qurbonov anjumanda quyidagilarni ta`kidlab o`tdi:
— OITS global xatardir. BMT Bosh Assambleyasining 2016 yil iyun oyida bo`lib o`tgan 70-sessiyasida ushbu kasallikka qarshi kurashni yanada jadallashtirish va 2030 yilga qadar orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi epidemiyasini butkul tugatish bo`yicha Deklarasiya qabul qilingan.
Mazkur Deklarasiyada, agar tezkor, samarali choralar ko`rilmasa, ba`zi Afrika davlatlarida, ayniqsa, OIV jadal rivojlanib, iqtisodiy, ijtimoiy va hattoki siyosiy inqirozni keltirib chiqarishi mumkinligi aytilgan.
OIV infeksiyasining yuqish yoki yuqmasligi tibbiy madaniyat va savodxonlikka bog`liq. Aholining savodxonlik darajasi qancha yuqori bo`lsa, bu kasallikning yuqish ehtimoli ham shu qadar kamayadi.
Shu bois, har yili 1 dekabr sanasi an`anaviy ravishda “Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanadi va ta`lim muassasalarida o`quvchi-yoshlar o`rtasida tushuntirish-targ`ibot tadbirlari tashkil etiladi.
Mamlakatimizda JSST tavsiyalariga muvofiq, OIV infeksiyasi onadan bolaga yuqishining oldini olish dasturi joriy etilgan. Unga ko`ra, har yili yurtimizda o`rtacha 600 ming nafar homilador ayolda ushbu virus bor-yo`qligi tekshiriladi.
Infeksiyali ayollardan tug`ilgan chaqaloqlarga esa xastalik yuqishining oldini olish maqsadida retrovirusga qarshi dorilar o`z vaqtida berib boriladi.
Anjuman so`ngida OAV vakillarining savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.






