AsosiyJamiyat

Uy-joy qurilishi uchun pudratchi tanlashda 2-3 ta tashkilot bilan cheklanishning salbiy oqibatlarini Jizzax misolida hamma ko`rdi – Prezident

'Uy-joy qurilishi uchun pudratchi tanlashda 2-3 ta tashkilot bilan cheklanishning salbiy oqibatlarini Jizzax misolida hamma ko`rdi – Prezident'ning rasmi

Uy-joylar quriladigan massivlar ro`yxati aprel oyida tasdiqlangan bo`lsa-da, er uchastkalari o`z vaqtida auksionga chiqarilmagani bois, Toshkent viloyatida – 2,7 ming, Qoraqalpog`iston, Qashqadaryo va Xorazmda – 1,5 ming xonadonli uy-joylar qurilishi boshlanmagan. Oqibatda davlatdan maqsadli kreditlar uchun ajratilgan 4,5 trillion so`m mablag` (50 foiz) o`zlashtirilmagan. (Toshkent shahrida – 793 milliard so`m (64 foiz), Qashqadaryoda – 204 milliard so`m (66 foiz), Toshkent viloyatida – 120 milliard so`m (82 foiz), Qoraqalpog`istonda – 119 milliard so`m (60 foiz). Bu ma`lumotlar Shavkat Mirziyoev ishtirokida bo`lib o`tayotgan videoselektor yig`ilishida keltirildi, deya xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.

Shuningdek, viloyat hokimlari va ularning qurilish bo`yicha o`rinbosarlari uy-joy qurilishi uchun pudratchi tanlashda 2-3 ta tashkilot bilan cheklanmoqda. Misol uchun, Navoiyda deyarli barcha qurilishlar 3 ta korxona tomonidan amalga oshirilmoqda (“Minor Millenium”, “Sharq jilov me`morlari”, “Sharq qurilish”).

“Buning salbiy oqibatlarini Jizzax misolida hamma ko`rdi”, deya qo`shimcha qildi prezident.

Shu bois kelgusi yildan davlat hisobidan bo`ladigan qurilishlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha yangi tizim yaratiladi. Buning uchun bosh prokuror o`rinbosari boshchiligida respublika shtabi va viloyat shtablari tuziladi. Ular qurilish narxlarini asossiz oshirish, raqobatni buzish, tasdiqlangan loyihalarni o`zboshimchalik bilan o`zgartirish, tanish-bilishchilikka yo`l qo`ymaslik ustidan qat`iy nazorat o`rnatadi.

Umuman, kelgusi yilda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar quriladi. Bunga qariyb 13 trillion so`m maqsadli kredit va 1,3 trillion so`m subsidiya ajratiladi.

“Bu dastlabki hisob-kitoblar. Agar talab bo`lsa, yana qo`shimcha resurs ajratiladi. Buning uchun, aholi va quruvchi tadbirkorlarga ipoteka tizimi va qurilish sohasida bo`ladigan engillik, qulaylik va imkoniyatlar beriladi”, dedi davlat rahbari.

Yig`ilish davom etmoqda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar