AsosiyJamiyat

Qonunchilikdagi xatolar: yoxud bolalar ishtirokidagi YTHlarni tartibga soladigan mas`ullar bormi?

'Qonunchilikdagi xatolar: yoxud bolalar ishtirokidagi YTHlarni tartibga soladigan mas`ullar bormi?'ning rasmi

Tahlilda bolalar bilan sodir etilayotgan avtohalokatlar statistikasi bilan tanishishingiz mumkin.
 

So`nggi vaqtlarda yo`l transport hodisalarining deyarli “pauza” qilmasdan sodir bo`layotgani achinarli hol. Kundalik hayotimizda uchrayotgan yo ko`rgan, yoki eshitgan, balki ishtirokchi sifatida qatnashgan bu baxtsiz hodisalarning oxiri bormi?

Har kuni telefonimizni ehtiyoj uchun qo`limizga olganimizda ma`lum joy va shaxslar ishtirokidagi YTHlarning tafsilotiga ko`zimiz tushadi. Deyarli bu oddiy voqelikdek bo`lib qoldi. Ammo texnika ballonlari ostida qolayotgan murg`ak bolalarning o`limi jamiyat uchun, kelajak, balki ota-ona orzu – maqsadi uchun ham  fojea emasmi?

Keling, yil boshidan sodir bo`lgan avtohalokatlar haqida ijtimoiy statistikani ko`rib chiqamiz.

Qayd etilishicha, yanvar-oktyabr oylarida sodir bo`lgan 7 684 ta yo`l-transport hodisasida 1 964 kishi halok bo`lgan, 6 886 kishi esa jarohatlangan. Bu raqamlar uzoq karantin cheklovlari amal qilgan 2020 yildagi jami ko`rsatkichlardan ham oshishga ulgurgan.

 

Eng achinarlisi, bolalar ishtirokida sodir bo`lgan yo`l-transport hodisalari raqamlari yuqoridagi faktlardan ham ko`proq. 

Viloyatlar kesimida eng ko`p avtohalokatga uchragan bolalar 2018 yildan beri Toshkent viloyatidir. Shuningdek, “birinchilikni” “qo`ldan boy bermayotgan” Toshkent shahri ham shu qatorga kiradi.

2019 yilda ham bu statistika o`z o`rnini “yo`qotmagan”.  Bu vaqt orasida 170ta bola nobud bo`lgan bo`lsa, 1001 ta bola turli jarohatlar olgan. 2020 yilda esa  mazkur raqamlar 1689ni tashkil qiladi.

Kuni kecha, “Facebook”da bir jurnalist Saidnosir Usmonov shaxsiy sahifasida aynan shu masala, ya`ni, bolalar bilan bog`liq yo`l transport vositasi haqida quyidagicha izoh qoldirgan:

“…Xizmat safaridan qaytdim. Ming bir alam va shum xabar iskanjasidaman. Bundan bir yil avval opamning 11 yoshli o`g`li YTH qurboni bo`lgan edi. Endi singlimni 14 yoshli o`g`li YTH hodisasiga uchrab kasalxonada koma holatida yotibdi.

 Qanchalar alamli iztirob... Har kuni o`nlab piyodalar, murg`ak qalb egalari mashina g`ildiraklari tagida qolib ketmoqda. Yo`llardagi betartiblik, bilib-bilmasdan mashina haydayotganlar kasriga kimdir yaqinidan, jigargo`shasidan ayrilmoqda va bu holatlar yuzlab odamlarning umrbod majruh bo`lib qolishiga sabab bo`lmoqda”.

Mazkur ro`y berayotgan hodisalarda asl aybdor kim? O`pkasini qo`ltiqlagan shofyormi, yoki ogohlikni yo`qotgan yo`lovchi?

Yaqinda  qonunchiligimizda tezlikni oshirganlik uchun jarima miqdori kamaytirilishi haqida  “yangilik” bo`ldi. Bu qaysidir ma`noda, kimlarningdir cho`ntagiga foyda bo`lgan bo`lsa, ayrim  insonlarning umriga zomin bo`libdi!

 

Haqiqatdan ham, ba`zida yashil chiroq yonsa ham chorrahani kesib o`tishga ikkilanamiz, sababi, qizil chiroqni ham pisand qilmaydigan shoshqaloq taksichilar, (yana qonunchilikka qaytishga majburman) 2021 yil 1 dekabrdan kuchga kirishi ko`zda tutilgan “prava”siz mashina haydashga va rulda telefondan foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligini bilgan 20 yoshga ham to`lmagan o`smirlar borligidir.

 

Bundan tashqari, ko`chalarning qatnov qismigacha turli maishiy do`konlarning chiqib ketgani, bozorlar, dam olish joylaridagi tirbandliklarda sodir bo`layotgan avtohalokatlar ham odamni cho`chitadi. Agar ko`chlardagi tartibsizliklarning oldini olish boshlansa, hech ikkilanmay aytish mumkinki, zanjirdek bir-biriga ulangan tizimlarni hammasini tartibga solishga to`g`ri kelishi mumkin.

 

Xulosa o`rnida aytish mumkinki, inson omili xavfsizligini  ta`minlashda nafaqat o`zimiz, balki qonunlarimiz, yo`l transport hodisalarning oldini olishda mas`ul bo`lgan shaxslarning ham birgalikdagi  hamkorligi jamiyat kelajagi uchun juda muhimdir!

Asosiysi, bolalarning o`limi umuman bo`lmasligi, ota-ona, haydovchining mas`ulligiga bog`liq.

    Boshqa yangiliklar