O`zbekiston voleybol federasiyasi bosh kotibi Husan Erkinovich Nasrullaev Osiyo voleybol konfederasiyasi Markaziy zonasi Boshqaruv kengashi a`zoligiga saylandi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.
So`nggi yillarda mamlakatimizda sportning eng ommalashgan turlaridan biri – voleybolni yanada rivojlantirish va ommalashtirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Buni yakuniga etib borayotgan 2021-yilda yurtimizda tashkil etilgan bir qator xalqaro musobaqalar misolida ham ko`rish mumkin.
Qolaversa, uzoq yillik tanaffusdan so`ng o`zbekistonlik voleybolchilar Osiyo maydonlariga qaytishdi. Jumladan, erkaklar terma jamoamiz avvaliga qit`a chempionatiga saralash musobaqasida ishtirok etishgan bo`lsa, keyinroq Yaponiya davlati mezbonlik qilgan Osiyo chempionatining final bosqichida ham ishtirok etishdi.
O`zbekiston chempioni AGMK klubi esa qit`a Chempionlari ligasi bahslarida qatnashdi.
Bundan tashqari, yurtimizda joriy yil davomida Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida o`tkazilgan xalqaro musobaqalar hamda xotira turnirlari natijasida Osiyo voleybol konfederasiyasining O`zbekistonga bo`lgan munosabati ijobiy tomonga o`zgardi. Natijada 2022-yil 6-13-iyun kunlari o`tkaziladigan 17 yoshgacha bo`lgan qizlar o`rtasidagi Osiyo chempionati mezbonligi Toshkentga ishonib topshirildi.






