1

Jizzaxda mahkum o`zini Prezident Administrasiyasi xodimi deb tanishtirib, jinoyat sodir etdi

Jinoyat 07.12.2021, 19:43
Jizzaxda mahkum o`zini Prezident Administrasiyasi xodimi deb tanishtirib, jinoyat sodir etdi

Jizzax viloyatida bir necha qonunbuzarliklari uchun ozodlikdan mahrum qilingan mahkum yana jinoyat sodir etdi. Bu haqda IIV xabar bermoqda.

Ma`lum qilinishicha, Toshkent viloyati Chirchiq shahridan bo`lgan, bir necha qonunbuzarliklarni sodir etgani uchun ma`muriy jarima, axloq tuzatish, ozodlikni cheklash jazo choralari tayinlangan mahkum T.T. so`nggi marta 2020 yil 24 avgust kuni Chirchiq shahar sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan 4 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Qayd etilishicha, unga jazo muddatini Jizzax viloyatidagi 31-son manzil koloniyasida o`tash tayinlangan. Jazoni o`tayotgan 28 yoshli mahkum Qashqadaryo viloyati elektr tarmoqlari korxonasi boshlig`iga telefon qilib, o`zini Prezident Administrasiyasi mas`ul xodimi deb tanishtirgan.

«Sizning oldingizga mening nomimdan bir ishsiz fuqaro keladi. Uni ish bilan ta`minlashda amaliy yordam ko`rsasangiz degandim, deb telefon qildim. O`zimni amaldor ko`rsatib, yolg`on so`zlab, noto`g`ri harakat qilib qo`ydim. Chin yurakdan pushaymonman», — degan mahkum.

Ta`kidlanishicha, u IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o`tkazilgan tezkor tadbirda daliliy ashyolar bilan qo`lga olingan.

Jinoyat-ijroiya kodeksi 120-moddasiga (maxsus tartibli koloniyalarda jazoni o`tash tartibi) muvofiq, u ashaddiy tartibbuzar deb topilib, unga nisbatan jazosining o`talmay qolgan qismini manzil koloniyadan umumiy tartibdagi koloniyaga ko`chirish jazosi qo`llanilgan. Hozirda holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1