1

Xatirchi tuman hokimining o`rinbosari ishdan olindi. Unga jinoyat ishi ochilgan

Jinoyat 13.12.2021, 17:22
Xatirchi tuman hokimining o`rinbosari ishdan olindi. Unga jinoyat ishi ochilgan

Xatirchi tumani hokimining birinchi o`rinbosari Vohid Avlonov lavozimidan chetlatildi. Unga nisbatan jinoyat ishi ochilgan. Bu haqda tuman hokimining tegishli farmonida keltirilgan.

Qayd etilishicha, Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish bo`limi boshlig`i Vohid Avlonov joriy yilning 25 noyabridan lavozimidan chetlatilgan.

Tuman hokimining bu haqdagi farmoyishiga asos sifatida “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining 255, 259-moddalari va jinoyat ishlari bo`yicha Xatirchi tuman sudining 2021 yil 22 noyabrdagi ajrimi ko`rsatilgan.

Tuman hokimining yana bir farmoniga muvofiq, Vohid Avlonovning zimmasidagi lavozim vazifalari vaqtinchalik — tuman hokimining o`rinbosari-tuman investisiyalar va tashqi savdo bo`limi boshlig`i Bahodir Ne`matov zimmasiga yuklatilgan.

Bosh prokuratura Matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, Xatirchi tumani hokimining birinchi o`rinbosari Vohid Avlonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) va 209- (Mansab soxtakorligi) moddalari bilan jinoyat ishi ochilgan.

Jinoyat ishi 30 noyabr kuni ayblov xulosasi bilan mazmunan ko`rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1