Bir muddat avval O`zbekiston delegasiyasi Saudiya Arabistoniga “Haj” va “Umra” safarlarini hal etish uchun jo`nab ketgani haqida yozgandik.
O`zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, yaqin kunlarda "Umra"ga yo`l ochilishi kutilmoqda.
"1-9 dekabr kunlari O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari va Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi Sodiq Toshboev boshchiligidagi delegasiya Saudiya Arabistonida Umra ziyoratini tashkil qilish bo`yicha xizmat safarida bo`ldi.
Delegasiya butun dunyoda qo`llanilayotgan karantin cheklovlari sharoitida Umra safarini tashkil qilish bo`yicha Podshohlik muassasalari bilan muzokaralar olib bordi. Inshaalloh, yaqin fursatlarda, COVID pandemiyasi boshlanishidan avval Umra safari uchun pul to`lab, navbatda turganlar va boshqa fuqarolar uchun tabarruk ziyoratni amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi",-deya qayd etiladi xabarda.
Ta`kidlanshicha, karantin tartiblariga muvofiq mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda o`rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o`rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarga rioya etish unchalik katta bo`lmagan miqdorda qo`shimcha mablag`larni talab etishi mumkin.
Shuningdek, Umra ziyoratlari muddatlari, qo`shimcha to`lov miqdori, vaksinasiya to`g`risidagi ma`lumotlar tez orada ma`lum qilinishi aytib o`tiladi xabarda.