AsosiyJinoyat

G`uzorlik 42 yoshli erkak o`ldirilib ketilganimi? Bosh prokuratura tekshuv harakatlari boshladi

'G`uzorlik 42 yoshli erkak o`ldirilib ketilganimi? Bosh prokuratura tekshuv harakatlari boshladi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda "G`uzorda 42 yoshli erkak ko`chadan o`lik holda topildi. Marhumning yaqinlari uning o`ldirilganini aytmoqda" nomli xabar tarqaldi.  

Ma`lum bo`lishicha, voqea joriy yilning 10 oktyabr kuni G`uzorda sodir bo`lgan.  

“O`sha kuni turmush o`rtog`im Saidali aka uyga vaqtliroq qaytdi. O`zi mardikorlik qilardi. Hovliga kirishi bilan hovli darvozasini yopdi. Hali kech bo`lmagan-ku, nega darvozani yopyapsiz deganimdan keyin, hali kech bo`lmadimi deya yana darvozani ochib qo`ydi. Keyin uyga kirib o`zi choy qo`ydi va bolalari bilan gaplashib o`tirdi.

Birozdan so`ng esa o`g`limning kiyimini kiyib, uydagi velosipedni mingancha men do`konga chiqib, bolalarga shirinlik va sening paxta terishing uchun qo`lqop olib kelaman deya chiqib ketdi. Keyin bilsam o`sha kuni va o`sha soatda erimni oxirgi marta ko`rib turgan ekanman”, — dedi marhumning bevasi Dildora Quvvatova.

Dildora Quvvatova 2021-yilning 10-noyabriga qadar turmush o`rtog`i velosipeddan yiqilib o`lgan degan gapga ishonib yurganini, ammo tibbiyot ekspertizasi xulosasini ko`rgach, eri o`ldirilgan degan taxminga borayotganini aytmoqda.

“O`sha kuni kech soat 11 da menga qo`ng`iroq qilishib, ering velosipeddan yiqilib tushdi deyishdi. Keyinroq bilsam, erim vafot etgan ekan. O`sha kuni voqeani o`rgangan IIB va prokuratura xodimlari erimning velosipeddan yiqilib o`lganini aytgandi.

2021-yilning 10-noyabr kuni esa tibbiyot ekspertizasini qo`limga olsam, unda erimning o`tmas jism bilan urib jarohatlangani, o`limiga shu sabab bo`lgani yozilgan ekan. Shundan so`ng, menda erim o`ldirilgan degan shubha paydo bo`ldi”, — dedi marhumaning xotini.

Dildora Quvvatova erining o`limi sabablari yozilgan tibbiyot ekspertiza xulosasi olinganidan so`ng, mahalla profilaktika inspektori ishdan bo`shab ketganini, qolgan mas`ullar esa erining o`limi sabablari bilan qiziqmayotganini bildirmoqda.

“Hech kim so`ramayapti. Erim nega o`ldi, kim o`ldirdi. Kimga kerak bu qotillik, hech bir rahbar qiziqmayapti. Men esa erimning qotilini topishdan umidvorman”, — dedi Dildora Quvvatova.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, xabarda ko`rsatilgan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida G`uzor tumani prokuraturasi tomonidan qo`shimcha ravishda tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa yangiliklar