Kuni kecha Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili (ombudsman) Xamro Bektemirov Urganch shahar 11-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.
Ta`kidlanishicha, mintaqaviy vakil mahbuslarga yaratilgan shart-sharoitlarni o`rganish davomida mahkumlarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish hamda advokatlar va uchrashuv xonalarda yaratilgan sharoitlarni xalqaro standartlarga muvofiq ekanligi holatini o`rgangan.
Shuningdek, tergov hibsxonasidagi, muassasada ushlab turilgan barcha shaxslar borishi mumkin bo`lgan va videokamera ob`ektividan holi bo`lgan joylarga o`rnatilgan “Ombudsman qutisi”ga tashlangan murojaatlar ham o`rganilgan.
Muassasada saqlanayotgan murojaat egalari bilan yakka tartibda o`tkazilgan uchrashuvlarda mahkum va mahbuslar tomonidan sud-tergov jarayonlari bilan bog`liq masalalar ko`tarilgan. Monitoring davomida olingan barcha murojaatlar Mintaqaviy vakil nazoratiga olingan.
"Yopiq muassasada saqlanayotgan shaxslar bilan o`tkazilgan yakka tartibdagi va jamoaviy uchrashuvlarda ruhiy va jismoniy qiynoq holatlari, muassasa xodimlarining qo`pol muomalada bo`lishi yoki inson huquq va manfaatlariga xilof boshqa holatlar bo`yicha hech qanday murojaatlar kelib tushmadi",-deyiladi xabarda.
Alohida qayd etilishicha, Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyat bo`ylab barcha harakat erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga tashkil etilayotgan monitoring tashriflari hech qanday ogohlantirishlarsiz to`satdan amalga oshirilmoqda.






