Aholi o`rtasida sog`lom turmush tarzi targ`ibotini tashkil qilish bo`yicha “Qashqadaryo tajribasi” yaratiladi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimovning viloyatni 2021 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda 2022 yil uchun belgilangan vazifalar yuzasidan murojaatnomasida ma`lum qilindi.
"Joriy yiilning oktyabr oyida viloyatdagi 652 ming 733 ta xonadonlarda istiqomat qiladigan 3 mln 285 ming 291 nafar aholida o`tkazilgan tekshiruvlar natijasida - katta yoshdagi aholining 28,3 foizida ortiqcha vazn, 14,2 foizida semizlik, 42,3 foizida meva-sabzavotni kam iste`mol qilish, 57 foizida yog`li ovqatni xush ko`rishi, 42 foizi jismoniy nofaol ekani aniqlandi.
Viloyatda aholi tomonidan betartib ovqatlanish, go`sht mahsulotlarini me`yoridan ko`p iste`mol qilish yurak qon-tomir kasalliklarining kelib chiqishiga omil bo`lib qolmoqda.
Ijtimoiy tarmoqda kuzatganim bir lavha haqida, Qashqadaryo viloyatida bo`lgan to`y haqida so`z yuritib, 10 dan ortiq qozon osib, 40 - 50 mln. so`m pul sarflab, bazm uyushtirayotgan, kim o`zarga to`y qilayotganlar o`rtasida targ`ibotni kuchaytirish lozim, deb o`ylayman.
Bir kunlik to`y uchun sarf etiladigan 40-50 mln. mablag`ga qancha kitob sotib olsa bo`ladi, qancha ehtiyojmand uchun xayr-saxovat ko`rsatsa bo`ladi. Shu qishloq uchun kutubxona yoki o`quv markazi barpo etsa bo`ladi.
Bu kabi me`yoridan ortiq ovqatlanish birinchidan salomatlik uchun xavfli, qolaversa yillar davomida og`ir mehnat orqali topilgan mablag`ni maqsadli sarflash haqida ham o`ylashimiz kerak", - dedi viloyat hokimi.






