Xabaringiz bor, 2020 yildan e`tiboran dekabr oyi oxirida respublikamizning barcha hududlari hokimlari yillik qilingan ishlar hisoboti hamda kelgusi yil rejalariga bag`ishlangan murojaatnomalarini o`qib eshittirib kelishmoqda.
Bu murojaatlar jamoatchilikka viloyat, tuman va shahar rahbarlarining hisobotlari amalda qanchalik to`g`ri ekanligini solishtirish imkonini bersa, xalqda kelgusi rejalardan umidvorlik hissini uyg`otadi. Mana shu mas`uliyatni bo`yinlariga olgan holda, ayni kunlarda ham barcha hokimlar 2021 yil hisoboti va 2022 yil uchun rejalarini ma`lum qilishmoqda.
Biz ham AOKA bilan hamkorlikda tashkil qilingan press-tur davomida Navoiy viloyati, Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyati rahbarlarining xalqqa qilayotgan murojaatnomalarini ham bevosita eshitib, bu hisobotlarni tahlil qilish imkoniga ega bo`lyapmiz. Berilayotgan hisobotlar asosida mazkur uch hududda mahalliy byudjet tushumlari va hududlarning o`zida qoladigan mablag`lari haqida ma`lumotlar reytingini tuzishga qaror qildik.
Qaysi hudud eng boy?
Navoiy viloyati hokimi v.b. Normat Tursunovning hisob berishicha, viloyat mahalliy byudjet daromadlari bo`yicha yillik belgilangan 1 trln 442 mlrd so`mlik reja amalda 1 trln 727 mlrd so`mga yoki 120 foizga bajarilib, mahalliy byudjetga 350 mlrd so`m qo`shimcha mablag` tushishi ta`minlanishi kutilmoqda.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariev bergan ma`lumotlarga ko`ra, byudjetga 1767,0 mlrd so`mlik tushumlar tushishi, shundan mahalliy byudjetga 1680,6 mlrd so`m tushumlar tushirish hamda respublika ixtiyoriga 66,5 mlrd so`m erkin qoldiq mablag`lari qolishi rejalashtirilgan.
Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovning ayni paytda o`qib eshittirayotgan xalqqa murojaatnomasida viloyat byudjetiga 2811,6 mlrd so`mlik tushumlar tushishi, shundan mahalliy byudjetga 1939,3 mlrd so`m tushumlar tushirish hamda viloyat ixtiyoriga 140 mlrd so`m erkin qoldiq mablag`lari qolishi rejalashtirilgani aytildi.
Shundan:
1. Navoiy viloyati - 350 mlrd so`m;
2. Xorazm viloyati - 140 mlrd so`m;
3. Qoraqalpog`iston Respublikasi - 66,5 mlrd so`m oshiqcha mablag`lar.
Eslatib o`tamiz, bu mablag`lar har bir hududning rejadan orttirib bajargan daromadlari bo`lib, ular viloyat ixtiyorida qolishi va hudud rahbarlarining xohishlariga ko`ra, aholining iqtisodiy va ijtimoiy ahvolini yaxshilash uchun sarflanadi.
Sardorbek Rahmonqulov
Mavzuga doir:
Navoiy viloyatining yangi hokimi rahbarlar qanday ishlashi kerakligini aytdi
Byudjet, bandlik, yo`l, suv, elektr: Qoraqalpog`istonda bu yil qanday o`zgarishlar bo`ldi?
Byudjet, bandlik, yo`l, suv, elektr: Qoraqalpog`istonda bu yil qanday o`zgarishlar bo`ldi?






