AsosiyJamiyat

2022 yilda inson huquqlarini ta`minlashda parlamentlar rolini oshirish to`g`risida BMT maxsus rezolyusiyasi qabul qilinadi

'2022 yilda inson huquqlarini ta`minlashda parlamentlar rolini oshirish to`g`risida BMT maxsus rezolyusiyasi qabul qilinadi'ning rasmi

Bu haqda bugun, 21 dekabr kuni Inson huquqlari bo`yicha Milliy markazida O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuvda aytib o`tildi.

Qayd etilishicha, tadbirda O`zbekistonning BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashiga a`zoligi doirasida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar, O`zbekistonning xalqaro majburiyatlaridan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi muhokama qilingan. Shuningdek, kirib kelayotgan 2022 yilda inson huquqlari sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar haqida ham so`z yuritilgan.

Xo`sh, 2022 yilda BMT O`zbekistonda inson huquqlari bo`yicha qanday ishlar amalga oshiradi?

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmatining Darakchi.uz' ga ma`lum qilishicha, tadbirda yuqoridagi kabi savollarga javob berilgan.

Xususan, ta`kidlanishicha:

  • 2022 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta`minlashda parlamentlar rolini oshirish to`g`risidagi maxsus rezolyusiyasini qabul qilish;
  • Samarqand shahrida muntazam o`tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta`lim forumini tashkil etish; 
  • Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish;
  • Yoshlar masalasida samarali hamkorlikni yo`lga qo`yish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzish;
  • O`zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o`tkazish;
  •  Imkoniyati cheklangan shaxslarning o`z qobiliyatini to`la ro`yobga chiqarish masalalari bo`yicha Mintaqaviy kengash tuzish;
  • BMTning Yoshlar huquqlari bo`yicha maxsus ma`ruzachisi institutini ta`sis etish;
  • Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish;
  •  Osiyo qit`asining inson huquqlari bo`yicha mintaqaviy mexanizmini yaratish kabi dolzarb masalalar doirasida izchil ish olib borilmoqda. 

Ma`lumot o`rnida aytilishicha, tadbir yakunida elchilarning O`zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro tashabbuslarini amalga oshirish, chet eldagi o`zbekistonliklar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xorijiy davlatlar bilan inson huquqlari sohasidagi aloqalarini rivojlantirish yo`lidagi samarali va faol hamkorligi e`tirof etilgan. 

Shu munosabat bilan, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O`zbekistonning AQSh, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Polsha, Rossiya davlatlaridagi hamda BMTning Jeneva shahridagi va YuNESKO huzuridagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga tashakkurnomalar taqdim etilgani aytiladi.

    Boshqa yangiliklar