Ayni paytda Xalq deputatlari Romitan tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o`tkazilmoqda. Sessiyada Botir Zaripov Romitan tuman hokimi lavozimiga Barnoev Umedjon Isoevichni tayinlash to`g`risidagi qarorni o`qib eshittirdi hamda uning tarjimai holi bilan ishtirokchilarni yaqindan tanishtirdi.
Ma`lumot uchun: Umedjon Barnoev — 1970 yil 12 iyulda Romitan tumanida tug`ilgan. Ma`lumoti- oliy. 1996 yilda Buxoro Oziq-ovqat va engil sanoat texnologiyasi (hozirgi Buxoro muhandislik-texnologiya) institutini hamda 2000 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Ma`lumoti bo`yicha mutaxassisligi — muhandis-mexanik, huquqshunos. U ayni paytga qadar Buxoro tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha birinchi o`rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Mehnat faoliyatini 1998 yilda Buxoro viloyati Adliya boshqarmasida sud ijrochisi sifatida boshlagan. Faoliyati davomida Toshkent shahar prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti xodimi (2004−2013), «O`zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati yuridik boshqarmasi huquqshunos maslahatchisi (2018) sifatida ishlagan.
2018−2020 yillarda esa «Safari Vogue» innovasion turizm klasteri direktor o`rinbosari, 2020 yildan mazkur MChJning bosh direktori lavozimida ishlagan.
Sessiya ishida tumani hokimi lavozimiga tayinlangan U.I.Barnoev so`zga chiqib, Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlashga, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini ta`minlashga o`zining bor bilim va kuch-g`ayratini bag`ishlashini alohida ta`kidlab, yuksak ishonch uchun o`z minnatdorligini bildirdi. So`ngra deputatlarga o`zi ishlab chiqqan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha "yo`l xaritasi"ni taqdimot qildi. Ushbu hujjatning asosiy parametrlari to`g`risida deputatlarga axborot berdi.






