Bu haqda 28 dekabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hay`atining kengaytirilgan majlisida aytib o`tildi. Ushbu tadbirdan vazirlik axborot xizmatining xabar qilishicha, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida (IT Park) bo`lib o`tgan yig`ilishda Vazirlikning markaziy apparati, tizimdagi korxona va tashkilotlar va ta`lim muassasalari rahbarlari ishtirok etishgan.
Hay`at yig`ilishini Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri, Hay`at raisi Sh. Shermatov olib borgan, shuningdek, majlisda Axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligi hamda sohani yangi bosqichga olib chiqish masalasining ijrosini tashkil etish vazifalari muhokama etilgan.
“Davlatimiz Rahbari aynan axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo`yicha alohida ustuvor vazifalarni belgilab berdilar. 2028 yilga qadar dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksportini 1 milliarddan oshirishni asosiy maqsad sifatida belgilab oldik. Shunda IT Park ham o`ziga xos megaproektga aylanadi. Uning boshqa sohalar eksportidan juda katta farqi ham bor, ya`ni bunday eksportda O`zbekistonda qo`shilgan qiymat deyarli 100 foiz bo`ladi, uni amalga oshirish uchun qo`shimcha import mahsulot yoki homashyo kerak bo`lmaydi.
1 ta eksportda ishlaydigan xodim 2000 dollar o`rtacha oylik olsa, bir yilda uning maoshining o`zi 24 ming dollar eksport daromadini olib keladi, shunday xodimlarning soni 40 mingdan ortsa, ularning oyligini o`zidan deyarli 1 milliard dollar eksport daromadi yurtimizga kirib keladi. 4,5 yil avval dasturchilar uchun Prezident Farmoni bilan alohida soliq muhiti yaratilganidan keyin, dasturlash xizmatlari 50 barobardan ortiq oshgani faqat boshlang`ich qadam bo`ldi– deyi AKT vaziri.
Shu bilan birga Sh.Shermatov O`zbekistonda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish bo`yicha olib boriladigan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo`yicha vazifalarni belgilab bergan.
Yig`ilishda elektron hukumat tizimini joriy etish va shu yo`nalishdagi reytingda yuqoriga ko`tarilish muhim ekanligi qayd etilgan.
"Eng birinchilardan biri bu – infratuzilma komponenti, ya`ni qishloq joylargacha yuqori tezlikdagi internetni etkazib borish dolzarb vazifa bo`lib turibdi. Uch yil davomida asosan ijtimoiy-siyosiy ob`ektlarga optik tola tortilishi bo`yicha katta ishlar amalga oshirildi. Endi shu olib borilgan optik tolani o`sha joylarda yashaydigan aholiga etkazib berish qoldi. Buning uchun biz joylardagi portlar sonini kamida 1 milliontaga oshirishimiz kerak. Shunda kamida bir millionta qo`shimcha abonentga xizmat ko`rsatishga imkoniyat bo`ladi", – deydi Sh. Shermatov.
Yig`ilishda qayd etilishicha, 2022-2026 yillarda AKT sohasini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 1,5 milliard dollar miqdoridagi investisiya loyihalarini amalga oshiriladi.






