AsosiyJamiyat

Yangi O`zbekistonning 2022–2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi

'Yangi O`zbekistonning 2022–2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi'ning rasmi

 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi  portaliga Prezidentning "Yangi O`zbekistonning 2022–2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi to`g`risida"gi farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yangi O`zbekistonning 2022 – 2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha bilan Yangi O`zbekistonning 2022–2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni amalga oshirish bo`yicha milliy komissiya tarkibi hamda “Yo`l xaritasi” tasdiqlanmoqda.

Pensiyani hisoblash bazaviy miqdorini o`n barobardan o`n ikki barobarigacha oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga fuqarolik va ma`muriy ishlar bo`yicha davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko`rsatish tartibini joriy etish, pensiya hisoblashda bolani parvarishlash ta`tilida bo`lish vaqtini ish stajiga qo`shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish, nogironligi bo`lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo`shib hisoblash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, 2022 yilda Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatida birinchi-to`rtinchi sinf o`quvchilarini Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta`minlash, shu jumladan , iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo`l ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi bo`yicha monopoliyalarni tugatish, nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning 3 million so`mgacha bo`lgan to`lovlarini daromad solig`idan ozod etish va boshqalar rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2022 yil uchun Taraqqiyot strategiyasida quyidagi ettita ustuvor yo`nalishlar ilgari surilmoqda:  

  • inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
  • mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
  • milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o`sish sur`atlarini zamon talablari darajasida ta`minlash;
  • adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
  • ma`naviy taraqqiyotni ta`minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish;
  • umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda echim topish;
  • mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish.

    Boshqa yangiliklar