Xonanda Imronning “Ko`rmasam bo`lmas” nomli albom taqdimoti kutilmagan lahzalarga boy bo`ldi. Xonanda tabiatan juda kamtar va dabdabalarga o`ch emasligini u taqdimotni shou-biznesning eng mashhurlari bilan “to`ldirib tashlamaganligidan” ham bilsak bo`ladi. Samimiy ruhda o`tgan albom taqdimotiga uning eng yaqin ijodiy hamkorlari va OAV xodimlari, ya`ni jurnalist va blogerlar tashrif buyurib, ushbu kun bilan uni tabriklash uchun birin-ketin minbarga chiqishdi. Tadbirda so`z olgan xonandaning ijodiy hamkorlari orasida aktrisa Durdona Qurbonova ham bor edi:
— Avvalambor, Imron akani ushbu albom taqdimoti bilan chin qalbimdan tabriklayman. Doimiy hamkor sifatida Imron akaga omad tilayman. Orada bitta kliplariga chiqmadim va meni nazarimda o`sha klip kutilganidek omadli chiqmadi. Va yana bitta narsani aytib o`tishim kerak, Imron akaning hayotda o`z jufti bor, lekin san`atdagi jufti menman.
Shundan so`ng so`zga xonandaning eng yaqin hamkori klipmeyker Ikrom Ali chiqdi. U Imronga bog`liq xotiralarini quyidagicha izohladi:
— Hozir taqdimot o`tkazilayotgan manzil, “Hilton” mehmonxonasiga kirib kelayotganimda Imronning san`atda bosib o`tgan yo`li kino tasmasidek ko`z oldimdan o`tganday bo`ldi. Bu erga chet ellik mehmonlar, eng nufuzli insonlar tashrif buyurishini o`ylab, xayolimda “Imron shu erlarga etib keldi-ya”, deb ichimdan bir hayajonlandim. Bunday kamtar, soddadil xonanda do`stimga faqat ijodiy barkamollik tilayman...
Mana shunday samimiy tilaklar va ko`ngilga yaqin insonlar davrasida o`tgan taqdimot, albatta, muvaffaqiyatli natija berishiga ishonamiz. Biz ham “Darakchi ijodiy jamoasi nomidan Imronga faqat omad yor bo`lishini tilaymiz.
Mohigul DIYoRXO`JAEVA
Mohinur RUSTAMOVA,
albom taqdimotidan maxsus tayyorlandi