2022 yil 1 maydan boshlab chet elliklarga O`zbekistonda yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan ko`chmas mulk ob`ektlarini sotib olish tarzida investisiya kiritish huquqi beriladi. Bu haqda Prezidentning «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o`sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to`g`risida»gi farmonida aks etgan.
Bunday huquqqa chet el davlatlar ro`yxati hukumat tomonidan belgilanadi va ular er uchastkasi sotib ololmaydi.
Bunda ko`chmas mulk ob`ektlari Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 000 AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko`chmas mulk ob`ektlarida qiymati 180 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo`lmasligi kerak.
Boshqa hududlarda tegishincha 70 000 AQSh dollari va 85 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo`lmasligi lozim. Bu ko`chmas mulk ob`ektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga O`zbekistonda doimiy ro`yxatdan o`tish va yashash guvohnomasini olish uchun asos bo`lmaydi.
Ayni paytda O`zbekistonda yashash guvohnomasini olish uchun talab etiladigan ko`chmas mulk qiymati miqdori Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 400 000 AQSh dollaridan 300 000 AQSh dollari ekvivalentigacha kamaytiriladi.
Norezident jismoniy shaxsning O`zbekistonda oladigan daromadlari bo`yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i stavkasi 12 foiz miqdorida belgilanadi.