AsosiyJamiyat

Prezident tabrigi "Lazgi" festivali ishtirokchilariga o`qib eshitirildi

'Prezident tabrigi "Lazgi" festivali ishtirokchilariga o`qib eshitirildi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, 25-30 aprel kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali bo`lib o`tadi.

Xivada o`tkazilayotgan "Lazgi"  xalqaro raqs festivaliga start berildi.  Bu haqda darakchi.uz muhbiri Karimjon Zaripov tadbir joyidan xabar bermoqda.

Bayram dasturini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Prezident tabrigi bilan ochib berdi.

Hurmatli festival qatnashchilari!

Qadrli mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Muhtaram san`at shaydolari!

Avvalo, siz, azizlarni ko`hna Xorazm zaminida birinchi bor tashkil etilayotgan yirik san`at va nafosat bayrami – “Lazgi” xalqaro raqs festivalining ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o`zimning yuksak ehtiromimni izhor etaman.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga ham samimiy minnatdorlik bildiraman.

O`zbekistonga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Ma`lumki, har bir xalq o`zining ko`p asrlar davomida shakllanib, sayqal topib, avloddan-avlodga o`tib kelayotgan madaniy merosi bilan  haqli ravishda faxrlanadi. Shu ma`noda, ulkan ma`naviy xazinamiz hisoblanadigan boy va rang-barang o`zbek raqs san`ati xalqimizga xos nafosat va go`zallik, ezgu orzu-intilishlar yorqin mujassam topgani bilan katta ahamiyatga egadir.

Milliy raqs san`atimiz tarixida alohida o`rin egallaydigan, ta`bir joiz bo`lsa, uning gultoji bo`lgan “Lazgi” raqsi o`zining chuqur hayotiy falsafasi, betakror ijro usuli va jozibasi bilan nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham keng shuhrat qozongan.

Ma`lumotlarga ko`ra, xalqimizning badiiy dahosi bilan yaratilgan ushbu san`at mo``jizasi uch ming yillik taraqqiyot yo`lini bosib o`tgan. Uning paydo bo`lishi haqida turli afsona va rivoyatlar mavjudligi ham shundan dalolat beradi.

Necha yuz yillar davomida xalqimizning estetik tafakkur olami, an`ana va qadriyatlari bilan hamohang tarzda “Lazgi” raqsining bir necha yo`nalish va turlari vujudga kelib, u mukammal san`at asariga, yaxlit xoreografik majmuaga aylangan.

“Lazgi” raqsi o`zining beqiyos sehri, jozibasi va tarovati bilan dunyo sahnalarini ham zabt etib, turli millat va elatlarni birlashtiruvchi ta`sirchan san`at vositalaridan biri sifatida tobora sevimli bo`lib bormoqda. YuNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan 2019 yil 12 dekabrda Xorazm “Lazgi” raqsi Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritilgani ham buni tasdiqlaydi.

Keyingi yillarda Yangi O`zbekistonda madaniyat va san`atning barcha sohalari qatori milliy raqs san`ati turlarini asrab-avaylash hamda bu yo`nalishdagi ijodiy maktablarga xos bo`lgan noyob an`analarni izchil davom ettirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda, 2020 yili qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy raqs san`atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi hamda “Raqs san`ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorlari bu borada muhim amaliy qadam bo`ldi.  

Bu haqda gapirganda, o`z davrida butun dunyoda o`zbek milliy raqs san`atining ramzi sifatida nom qozongan Mukarrama Turg`unboeva nomidagi “Bahor” raqs ansamblining qayta tashkil etilishi madaniy hayotimizda ulkan voqea bo`lganini alohida ta`kidlash joiz.

O`zbekistonda milliy raqs san`ati, xususan, “Lazgi” raqsining jahon madaniyatida tutgan o`rnini ilmiy jihatdan chuqur o`rganish, uning mahoratli raqqosalarini tayyorlash bo`yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda, yurtimizda Xoreografiya akademiyasi tuzilib, ushbu noyob san`at maskanining faoliyati mutlaqo yangicha asosda tashkil etildi.

Shu bilan birga, raqs san`ati yo`nalishida uzluksiz ta`lim tizimi joriy qilinib, barcha maktabgacha ta`lim tashkilotlarida xoreografiya san`atidan dars berish yo`lga qo`yilmoqda. Bolalar musiqa va san`at maktablarida raqs sinflarining soni ko`paytirilgani, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etilgani ham bu sohada yangi iste`dodlarni kashf etish va tarbiyalashda poydevor bo`lib xizmat qilmoqda.

Yurtimizda ko`p yillardan buyon samarali faoliyat ko`rsatib kelayotgan mashhur “Lazgi” ashula va raqs ansamblini har tomonlama qo`llab-quvvatlash va san`atkorlarga zarur sharoitlar yaratib berish masalasiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Ayniqsa, o`tgan yili Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik katta teatrida germaniyalik san`atkorlar bilan ijodiy hamkorlikda sahnalashtirilgan balet-spektakl orqali “Lazgi” raqsining qadimiy tarixi va jozibasi go`zal badiiy talqinda ochib berildi. Mazkur asar nafaqat mamlakatimiz tomoshabinlari, balki chet ellik san`at ixlosmandlari tomonidan ham katta qiziqish bilan kutib olinmoqda.   

Joriy yildan boshlab Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba “Lazgi” xalqaro raqs festivalining o`tkazilishi ushbu noyob san`at turini asrab-avaylash va har tomonlama targ`ib qilish, shu asosda xalqaro madaniy aloqalarimizni yanada kengaytirish borasida katta imkoniyat yaratishi shubhasiz.  

Bugun tantanali ravishda ochilayotgan ushbu festivalga 30 ta davlatdan 175 nafardan ziyod raqs san`ati ustalari, professional raqs jamoalari, san`atshunos olimlar, madaniyat sohasining taniqli namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurgani ham yurtimizga va san`atimizga bo`lgan qiziqish qay darajada yuqori ekanligini ko`rsatib turibdi.

Milliy raqs san`atimizning tarixini, uning o`ziga xos xususiyatlarini chuqurroq o`rganish va yoshlar orasida keng targ`ib qilish bugungi kunda dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. 

Festival doirasida tashkil etilayotgan “O`zbek milliy raqsining jahon raqs san`atidagi o`rni” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.

Fursatdan foydalanib, konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.

Qadrli festival qatnashchilari!

Bugun qadimiy va ulug`vor Xiva shahrida sizlarning ishtirokingizda ezgu orzu va niyatlar bilan boshlanayotgan “Lazgi” xalqaro raqs festivali kelgusida dunyodagi nufuzli san`at anjumanlari qatoridan mustahkam o`rin oladi, deb ishonaman.

Ana shu yo`lda barchangizga mustahkam sog`lik-salomatlik, ijodiy parvozlar, yangi yutuq va zafarlar yor bo`lishini tilayman.

Shavkat MIRZIYoEV,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar