“Qirq yoshimda yoshgina qiz meni chuv tushirdi...”

Mutolaa 05.06.2022, 22:40
“Qirq yoshimda yoshgina qiz meni chuv tushirdi...”

Qirq yosh erkak-ayol uchun boshqacha jaranglaydigan, inson hayotidagi ikkinchi o`smirlik davri deyishsa, ishonmasdim. Ammo qaysidir ma`noda bu gaplar rost ekan. Turmush o`rtog`im bilan jiqqa-musht bo`lib yurgan kezlarim edi. U mendan, men undan kamchilik qidiraverardik. O`rtamizdagi iliqlik yo`qolib, chiroyli munosabatlarimiz o`rnini alamzadalik egallaganday edi. Sovuqchiliklar sababmi bilmayman, uyga ham borgim kelmas, nuqul ishxonamizning orqa tarafidagi shinamgina qahvaxonada kitob o`qib o`tirardim. Qishdan o`tib, bahorga kirayotgan shaharni o`zgacha tarovat egallagandi. Shu payt qahvaxonaga yigirma uch yoshlar chamasidagi qiz kirib keldi. Uning did bilan kiyinganiga, nozik qomatidan ko`z uzolmay qarab qoldim. U ham men tomonga kulib boqdi. Hayajonlanib ketdim.

— Kechirasiz, adashmasam siz bu qahvaxonaga tez-tez kirib turasiz-a? Menga shirinlik tanlashda yordam berolmaysizmi? — xumor ko`zlarini pirpiratib jilmaydi.

— Albatta, menga mana bu yoqadi.

— Rostdanmi? — u shaddodlik bilan kulgancha yonimga o`tirib oldi. — Shunisidan tez-tez eysizmi?!

Meni boshdan-oyoq ter bosgandi. Hayotimda hech qachon begona qiz bunchalar o`zgacha boqmagandi menga. Qolaversa, uning o`zini juda erkin tutishi, ko`zlarimdan ko`zini uzmay, juda yaqin masofadan menga gapirishi es-hushimdan ayrayotgandi. Biz o`sha kuni birga shirinlik edik. Unga boshqa shirinliklardan ham olib berdim, men bilan mamnun hayrlashdi. Va ketar chog`da telefon raqamlarimizni almashdik.

Uyga keldimu faqat u haqida o`ylay boshladim. Qizning har bir harakati huddi kinoaktrisalarini eslatar, u menda ta`riflab bo`lmas hissiyotlarni uyg`otgandi. O`zimga o`zim “Shunday chiroyli va betakror qiz nega men bilan bunchalik ochilib suhbatlashdi? Yoki u hamma bilan shundaymikan? Yoki shunchaki iltifot ko`rsatdimi? Unda nega raqamini berdi?” degan savollarni berar, ichimga sig`may ketardim. Ertasiga o`zimda bazo`r kuch topib qo`ng`iroq qildim. U meni sayrga taklif qildi. “Nahotki men unga yoqib qolganman? Xuddi yigirma yil avvalgiday uchrashuvga chiqamanmi?!” Savollarim bilan kunni kech qilib, u bilan sayrga chiqdim. Sayr vaqtida u meni yana va yana hayratga soldi. Uning noz-karashmalari, bir gapirib o`n kulishi oldida mutloq dovdirab qolgandim.

— Do`kondan ko`ylak olishim kerak edi. Menga tanlashib yuboring, iltimos.

Hayotimda ayol kishiga ko`ylak tanlashmagan menday qaysar erkak, qizning ortidan kirib unga tanlovda yordam berdim. Kassaning oldiga borganimizda u menga jilmaygancha qarab turaverdi. Men ham soddaligim uchun libosning pulini to`lashimga ishora qilinayotganini tushunmay turaveribman.

— Naqd pulmi yoki karta? — so`radi sotuvchi qiz.

Men esa xayollarimni o`g`irlagan pariro`yga boqib turaverdim. Shu pay tuning ochilib turgan yuzi birdan burishdi, qovoqlari uyilib sumkasidan pul chiqardi. Men hali ham nima bo`layotganiga tushunmayotgandim. U esa kiyimlari joylashtirilgan paketni jahl bilan sotuvchidan tortib oldi-da, tez-tez yurib mendan uzoqlashib ketdi.

— Tinchlikmi, shoshmang… Iltimos, shoshmang…

— Sotuvchi qizning yonida meni uyaltirdingiz, modomiki hech narsa olib berolmas ekansiz, nega men bilan do`konga kirasiz?

Hech narsa deyolmay qoldim. Chindan ham mutloqo gapimni yo`qotdim. Qiz esa ildamlab ketdi. Qo`ng`iroqlarimga javob bermay kechasi bilan meni kuydirdi. Sahargacha uxlamay chiqdim. Ertasi kuni uni qahvaxonaga ming bir yalinishlar bilan taklif qildim.

— Agar yana o`sha sotuvchining yoniga kirib, aybingizni yuvib bermasangiz, siz bilan gaplashmayman!

Garchi uning gaplari meni shubhaga solayotgan bo`lsa ham, hissiyotlar ko`zimni ko`r qilganidanmi, bularning barini qabul qilardim. Biz do`konga kirib, unga boshdan-oyoq kiyimlar sotib oldik. Ikki xil sumka ham olayotganini ko`rib, rafiqamning tunov kuni aytgan gapi miyamda jaranglab ketdi: “Jilla qursa bir donagina sumka olib bering, qarang, chetlari chirib tushgan sumkada yuribman”. Yutinib qo`ydim. Oyligimning barini sotuvchi qizga uzatdim. Yonimdagi pariro`y esa mamnun kulib turardi. Uni uyiga kuzatib qo`yishimni so`raganimda rozi bo`lmadi.

— Tushunaman, tanish-bilish orasida qirq yoshli chol bilan yurishga uyalyapsiz-da, shundaymi?

— Siz hech ham chol emassiz. — dedi u manoli jilmayib. — Aksincha erkak kishi qirqqa kirib yosharishni boshlaydi.

Uning gapi bag`rimga shamolday yoqimli bo`lib kirdi. Ta`sirlanib ketdim. Sarflab yuborgan oylik maoshimga ham achinmay, uyim tomon yo`l oldim.  

— Bozorlik qilib kelmadingizmi? Axir ikki haftadan beri aytaman, tug`ilgan kuningiz munosabati bilan mehmon chaqiramiz deb, — uyga kelishim bilan rafiqam asabiylashib kutib oldi. — Qirqqa chiqqan odam ham shunchalik ma`suliyasiz bo`ladimi?

O`sha on ayolimdan negadir nafratlanib ketdim. Ehtimol u aynan “qirq yosh”ga urg`u bergani uchun ham alamdan yongandirman.

— Menga hech qanday tug`ilgan kun kerak emas, tushundingmi? Keyin erkak kishi qirqqa kirganida yoshara boshlaydi!

Es-xayolimni o`g`irlagan qizning gaplarini qayta-qayta takrorlab kunlarni o`tkiza boshladim. Go`yo sevib qolganday, hech tugamas bahor faslida yurganday edim. Ayolimdan uyalmasam ham, qizga oilali ekanimni aytmaganim uchun o`zimcha ezilardim. Unga bor gapni aytganimda esa u menga jilmayib turaverdi. Ishim oson ko`chganidan shod bo`lib, unga sevgi izhori qildim. O`zimdan deyarli o`n besh yosh kichik qiz menga ro`yxushlik bildirayotgani uchunmi o`zimni yosh his qilardim. Hatto shu tufayli mendan katta pul qarzga so`raganida ham hech ikkilanmay berishga qaror qildim. Besh yildan buyon xotinim ikkimiz o`zimizdan ham ayab yig`ayotgan pullarimizni oldim-u, qo`llariga tutqazdim. Keyin esa…

Undan naqd bir oy xabar bo`lmadi. Qo`ng`iroq qilsam, raqami o`chiq, manzilini esa bilmayman. O`lay agar u haqida yomon gumonga borgan bo`lsam, faqatgina xavotir ezdi meni. Ammo uni uzoqdan boshqa erkak bilan ko`rgach… Yoniga yugurib borib to`palon ko`targanim hali ham esimda. O`zimni yosh boladay tutib, yonidagi odam bilan yoqalashib ham oldim. U ahmoq esa xuddi mening ko`yimga tushib, qizginani do`konma-do`kon aylantirib yurgan ekan. Hammasidan ham o`zimizdan qizg`anib yiqqan pullarimizni unga qo`sh qo`llab topshirib yuborganim alam qiladi menga. Biroq bir narsadan, oilam bundan xabar topmaganidan xursandman. Bundan tashqari, ana shunday yolg`onchi qizning nag`malariga yillab aldanib yurmaganim, uning asl yuzini ertaroq ko`rganim uchun ham shukr aytishim kerak.

Hozir ruhiyatimda qirq yoshning alami yo`q. Inson necha yoshda bo`lishidan qat`i nazar ahmoqlikni istalgan yoshda qilishi mumkinligini menga aynan mana shu qirq yoshim o`rgatdi.

Mohigul DIYoRXO`JAEVA yozib oldi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1