AsosiyJamiyat

Konstitusiyaga “Miranda qoidasi”ni kiritish taklif etildi

'Konstitusiyaga “Miranda qoidasi”ni kiritish taklif etildi'ning rasmi

Xalq qabulxonalariga kelayotgan ko`plab murojaatlar tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo`lga olinganda, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmaydi. Natijada, gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qoladi. 

Ayni damda bo`layotgan yig`ilishdan Sardorbek Rahmonqulovning xabar berishicha, shu bois, prezident Shavkat Mirziyoev Konstitusiyaga “Miranda qoidasi”ni kiritishni taklif qildi.

“Bunday holatlarning oldini olish maqsadida, ko`plab davlatlarning Konstitusiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni qo`llash lozim. Ya`ni, shaxsni ushlash chog`ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart. Ana shu qoidani Konstitusiyamizda muhrlab qo`yishning vaqt-soati keldi, deb o`ylayman”, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Bundan tashqari, “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish, ya`ni shaxs sudning qaroriga qadar ko`pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin bo`lgan amaliyotni qo`llash shartligi ta`kidlandi. 

“Agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerak. Bu haqdagi muhim normani ham Asosiy qonunimizda aks ettirishimiz zarur”, - dedi davlat rahbari.

Shuningdek Shavkat Mirziyoev Konstitusiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag`ishlangan marosimda yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bog`liq masalaga alohida to`xtalganini, bunday noma`qul yondashuv tufayli ko`plab yoshlarimiz, malakali mutaxassislarimiz aybsiz aybdor bo`lib, yaqin qarindoshlari sodir etgan qilmishlar uchun jabr tortib kelganligini ham esladi. 

“Nima sababdan bir jinoyat uchun butun avlod javob berishi kerak? Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi lozim? Bunday adolatsiz “tizim”dan endi butunlay voz kechamiz. Chunki xalqimizga nisbatan sobiq túzum davrida, ayniqsa, o`tgan asrning 30-yillaridagi siyosiy qatag`onlarning o`zi etarli emasmi?! Shu bois, Konstitusiyamizga “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo`lishi mumkin emas”, deb qat`iy yozib qo`yishimiz kerak.Shuningdek, “Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta`minlanishi shart”, degan norma ham Asosiy qonunimizda o`z aksini topishi zarur.Biz jazo muddatini o`tayotganlarni ham qayta tarbiyalab, ular sog`lom hayotga qaytishi uchun barcha choralarni ko`rishimiz kerak”, - deli prezident. 

Mavzuga doir:

"Men bu muhim jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boryapman". Prezidentning  Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvi boshlandi

Prezident taklifi: “O`zbekistonda o`lim jazosi taqiqlanadi”

"Snos" tushunchasiga barham berish lozim, sudning qarorisiz hech kim uy-joyidan mahrum qilinmasligi kerak" – Sh.Mirziyoev

"Chetda bilim olayotgan, daromad topayotgan o`zbeklar, ularning oila a`zolarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha choralar ishlab chiqdik" — Prezident

"O`ta tahlikali zamonda yashayapmiz"

Sardorbek Rahmonqulov.

    Boshqa yangiliklar